YeI Rossiyaga qarshi 13-sanksiya paketini ma’qulladi. “Qora ro‘yxat”da KXDR vaziri ham bor
Olam
−
23 fevral
4862Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 13-sanksiya paketini ma’qulladi. Uning doirasida 106 jismoniy va 88 yuridik shaxsga nisbatan cheklov choralari kiritildi. Bu haqda YeI Kengashi ma’lum qildi.
Yevropa Ittifoqi Kengashining qarori tez orada YeIning rasmiy jurnalida e’lon qilinadi, shundan so‘ng u kuchga kiradi. “Qora ro‘yxat”ga tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning ism-shariflari ham ana shu hujjatda ochiqlanadi.
Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalar to‘plami Ukrainada urush boshlanganining ikki yilligiga to‘g‘ri keldi.
“Kengash Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi yoki tahdid soluvchi harakatlar uchun javobgar bo‘lgan yana 106 nafar jismoniy va 88 yuridik shaxsga nisbatan cheklov choralarini qo‘llashga qaror qildi”, deyiladi bayonotda.
Umuman olganda, Yevropa Ittifoqi Kengashi ta’kidlaganidek, YeIning Rossiya uchun “qora ro‘yxati”ga 2 mingdan ortiq odam va kompaniyalar kiradi. Barcha shaxslarning Hamjamiyat mamlakatlari hududiga kirishi taqiqlanadi va agar ularning aktivlari Yevropa Ittifoqida aniqlansa, muzlatiladi.
13-sanksiya paketining bir qismi sifatida Yevropa Ittifoqi quyidagilarni kiritdi:
- Rossiya mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlayotgan Rossiya Federatsiyasi va boshqa 7 davlatning 27 kompaniyasiga nisbatan cheklov choralari. Aniqlik kiritilishicha, ular Xitoyning to‘rtta va Qozog‘iston, Hindiston, Serbiya, Tailand, Shri-Lanka va Turkiyaning bittadan kompaniyasiga qarshi joriy qilingan.
- Rossiya Federatsiyasiga uchuvchisiz samolyotlar va elektr transformatorlari uchun ehtiyot qismlarni eksport qilish bo‘yicha cheklovlar.
- KXDR Mudofaa vaziri Kan Sun Namga nisbatan shaxsiy sanksiyalar.
Choralar Xitoyning uchta materik kompaniyasiga (Guanchjou provinsiyasidan): Guangzhou Ausay Technology, Shenzhen Biguang Trading va Yilufa Electronics Limited, shuningdek, Gonkongda joylashgan RG Solutions Limited kompaniyalariga nisbatan ham ko‘rildi.
Ularning barchasi elektron mahsulotlar ishlab chiqaradi:
- Guangzhou Ausay Technology bosilgan elektron platalar,
- Shenzhen Biguang Trading – kondansatorlar va integral mikrosxemalar,
- Yilufa Electronics Limited – mikrosxemalar,
- RG Solutions Limited – elektron kompyuterlar va ular uchun komponentlar ishlab chiqaradi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yevropa Ittifoqi mamlakatlari elchilari 21 fevral kuni Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 13-paketi bo‘yicha kelishib olgandi.
LiveBarchasi