YeI Rossiyadan platina va mis xaridini taqiqlamoqchi

Olam

image

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-paketi doirasida ayrim metallarga embargo kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda muhokamalar jarayoni bilan tanish manbalarga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, taqiq mis, platina, iridiy va rodiyga tatbiq etilishi ehtimoli bor. Bu choralar, avvalo, hozircha sanksiyalar ostiga kiritilmagan “Nornikel” kompaniyasiga zarba bo‘ladi. Chunki u Rossiyada va dunyoda qator metallarni ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadi. Ular orasida platina va palladiy ham bor. “Bloomberg”ning qayd etishicha, “Nornikel” avtomobil katalitik neytrallagichlari uchun jahon bozorining qariyb 40 foizini ta’minlaydigan palladiy xaridini taqiqlash rejalashtirilmagan. Kompaniya, shuningdek, Rossiyada iridiy, rodiy va mis qazib olish bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi.

Mis masalasida taqiqning YeI va “Nornikel” uchun ta’siri katta bo‘lmasligi mumkin. Xalqaro metall savdosining asosiy markazi bo‘lgan London metall birjasi 2024 yil aprelidan boshlab Rossiya misini sotish va yetkazib berishni taqiqlagan.

Yevroittifoq misga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri sanksiyalar joriy etmagan, biroq mis simlar, quvurlar va folga kabi ayrim tovar toifalarini o‘z bozoriga kiritishni yopgan. Natijada yevropalik xaridorlar asosan boshqa yetkazib beruvchilarni topgan.

“Nornikel”ning o‘zi esa mis bilan bog‘liq operatsiyalarni Rossiya tashqarisiga chiqarishga urinib, Xitoyda yiliga 500 ming tonna quvvatga ega zavod qurish orqali qo‘shma korxona ochishni rejalashtirgan. Kompaniya kelishuvni o‘tgan yilning o‘zida imzolashni kutgan, biroq bu amalga oshmagan. Endilikda esa uning xitoylik hamkori ham loyihadan chiqishga qaror qilgan.

Agar yangi hamkor topilmasa, “Nornikel” 2027 yilda yopilishi rejalashtirilgan Norilskdagi mis kombinatining faoliyatini davom ettirish uchun Rossiya hukumatidan ruxsat so‘rashiga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi 2027 yil 1 noyabrgacha Rossiyadan gaz olishni butunlay taqiqlashi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Evroittifoq platina mis

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing