YeI Rossiya gazini qayta sotib olishni taklif qilmoqda

Olam

image

Yevropa rasmiylari Rossiya quvur gazini qayta sotib olish masalasini muhokama qila boshladi. Bu haqda “Financial Times” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, tashabbus tarafdorlari bu qaror Rossiyani Ukrainadagi urushini tugatish bo‘yicha muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qiladi, kelishuv imzolanganidan so‘ng esa o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilish kafolati bo‘ladi, deya hisoblaydi. Bundan tashqari, bu Yevropada energiya narxlarining pasayishiga ham yordam beradi.

Germaniya va Vengriyaning ayrim rasmiylari hamda Yevropa Ittifoqining bir nechta boshqa davlatlari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Ushbu ikki mamlakatning rozi bo‘lishiga asosiy sabab avvalo energiya narxlarining pasayishidir.

Biroq bu g‘oya Bryusseldagi amaldorlar va Sharqiy Yevropa davlatlari diplomatlarini g‘azablantirdi.

“Bu tentaklik. Biz shunchalik ahmoqmizki, buni hatto mumkin bo‘lgan variant sifatida ko‘rib chiqyapmiz”, deydi diplomatlardan biri.

Shu bilan birga, bu masalaning muhokama qilinishi AQSHning suyultirilgan tabiiy gaz eksport qiluvchilariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ular Yevropaga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolashga intilmoqda. Ikki nafar yevropalik rasmiyga ko‘ra, amerikalik yetkazib beruvchilar Rossiya gazining Ukraina orqali tranziti tiklanishi ularning mahsulotini raqobatbardosh bo‘lmay qolishiga sabab bo‘lishidan xavotirda. 2025 yil boshidan Ukraina hududi orqali yetkazib berish to‘xtatilganidan so‘ng, Rossiya gaz quvurining ulushi Yevropa Ittifoqi umumiy importining 5 foiziga tushdi. Ayni paytda Rossiya gazi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga faqat Turk oqimi quvuri orqali kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqining o‘nta davlati imkon qadar tezroq Rossiyadan barcha gaz importini to‘xtatishni taklif qilgandi. To‘liq taqiqqa muqobil sifatida 2022 yilda Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan RePowerEU strategiyasiga muvofiq importni bosqichma-bosqich qisqartirish taklif etilgan. Unda Yevropa Ittifoqi 2027 yilgacha Rossiya gazidan butunlay voz kechish, boshqa yetkazib beruvchilarga o‘tish va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishni nazarda tutadi. Biroq hujjat mualliflari bu jarayonni imkon qadar tezlashtirishni talab qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

gaz rossiya evropa ittifoqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing