YeI Putinning qizlarini “qora ro‘yxat”ga kiritmoqchi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi rasmiylari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning qizlari deb hisoblangan Katerina Tixonova va Mariya Voronsovani yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda “Bloomberg” manbalarga tayanib yozmoqda.

Agentlikning ta’kidlashicha, bu ko‘proq “ramziy ishora”, chunki Tixonova va Voronsovaning Rossiyadan tashqaridagi muhim boyliklari noma’lum, ammo bu Putinning “e’tiborini jalb qilish” uchun mo‘ljallangan.

“The Wall Street Journal”ning Yevropadagi muxbiri Lourens Norman ham Rossiya Prezidentining qizlari deb hisoblangan Katerina va Mariya sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi mumkinligi haqida yozgan.

AQSHda esa Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar doirasida moliya institutlariga, xususan, VTB Bank va “Sberbank”ga nisbatan cheklovlarni kengaytirish rejalashtirilmoqda, deb yozadi “The Wall Street Journal”. Ikkala bank ham fevral oyida AQSHning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Yaqin vaqtgacha Rossiya harbiylari joylashgan Kiyev viloyatining Bucha shahri va boshqa aholi punktlarida tinch aholi o‘ldirilgani haqidagi xabarlardan so‘ng G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.

“Bucha qirg‘ini”

Joriy yilning 1 aprel kuni Bucha meri Anatoliy Fedoruk Ukraina harbiylari rossiyalik bosqinchilarni chiqarib yuborganini tasdiqladi. Chekingan ruslar fuqarolik inshootlarini, infratuzilma ob’ektlarini va aholi punkti ichidagi ba’zi hududlarni minalagan.

Ozod qilingan shaharda ukrainalik harbiylar hududni diversantlar va rossiyalik sheriklardan tozalashga kirishgan.

2 aprel oqshomida Ukraina Mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar butun Kiyev viloyati rus bosqinchilaridan ozod qilinganini ochiqladi.

Shundan so‘ng bosqinchilarning vahshiyliklari haqida ma’lumotlar paydo bo‘la boshladi. Ruslar odamlarni o‘ldirgan va zo‘rlagan, haqorat qilgan va qiynoqqa solgani aytildi. Dmitriy Komarov Buchadan dahshatli kadrlarni ko‘rsatdi va aholi nonni ko‘rganda shunchaki yig‘layotganini aytdi. Keyinchalik tarmoqda paydo bo‘lgan Buchadan olingan hayratlanarli fotosuratlarda bog‘langan odamlar o‘ldirayotgani ma’lum bo‘ldi. Ukrainaliklar ommaviy qabrlarga dafn qilingan. Ba’zi jasadlar ko‘chalarning o‘rtasida qolgan.

Bucha voqealari haqiqati oshkor bo‘lgach, dunyo davlatlari uni qoraladi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ishlab chiqishni boshladi.

Rossiya Mudofaa vazirligi Buchadagi voqealarni Moskvaga qarshi provokatsiya va sahnalashtirilgan deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Bucha qirg'ini

Baholaganlar

119

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing