YeI noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashning yangi rejasini taqdim etdi
Olam
−
06 iyun 2023
5229Yevropa Ittifoqi G‘arbiy O‘rtayer dengizi va Atlantika mintaqasida noqonuniy migratsiyaning oldini olish bo‘yicha yangi rejani taqdim etdi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ittifoqning yangi rejasi chegaralarni noqonuniy kesib o‘tishning oldini olish, noqonuniy muhojirlarni kelgan yeriga qaytarib yuborishni qo‘llab-quvvatlash va qonuniy migratsiyaga ko‘maklashish, shuningdek, muhojirlarni tashishda aviakompaniya xizmatlari suiiste’mol qilinishining oldini olishni o‘z ichiga oladi.
Yevropa Ittifoqining ichki ishlar bo‘yicha komissari Ilva Yuxanssonning aytishicha, reja to‘rt qismdan iborat: odam savdosiga qarshi kurashish, chegaralarni boshqarish, noqonuniy muhojirlarni kelgan joyiga repatriatsiya qilish va Yevropa mehnat bozoriga kirishning qonuniy yo‘llarini topish.
Reja Marokash, Senegal, Mavritaniya va Gambiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarni migratsiyani boshqarish, chegaralardan noqonuniy chiqib ketishlarning oldini olish va ushbu yo‘nalish bo‘yicha noqonuniy muhojirlarning hayotini saqlab qolishni mustahkamlashga qaratilgan.
Reja, shuningdek, Shimoliy Afrika va Sahel (Shimolda Sahroyi Kabir va janubda Sudan) mamlakatlarini qaytish, qayta qabul qilish va reintegratsiya masalalarida qo‘llab-quvvatlash majburiyatini o‘z ichiga oladi.
Yevropa Ittifoqi ham mehnat migratsiyasi orqali qonuniy migratsiyani rag‘batlantirish niyatida. Reja qidiruv-qutqaruv operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.
Yuxanssonga ko‘ra, 2019 yilda Atlantika okeani orqali Kanar orollariga 3000 ga yaqin muhojir yetib kelgan. 2020 yilda bu ko‘rsatkich 8 baravarga oshib, 24 ming kishiga yetgan. O‘sish 2021 yilda ham davom etdi. 2022 yilda Ispaniya va Marokash bilan tuzilgan hamkorlik natijasida bu miqdor 50 foizga kamaydi.
Yevropa Komissiyasi, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga noqonuniy migratsiyani yengillashtirish uchun tijorat transportlaridan foydalanish bo‘yicha choralarni e’lon qildi.
Qayd etilishicha, jinoiy tarmoqlar muhojirlarni Yevropa Ittifoqiga yaqin yoki chegarada joylashgan mamlakatlarga yetkazish uchun uchinchi davlatlar o‘rtasidagi tijorat reyslari, vizasiz rejimlar yoki mehnat migratsiyasi imkoniyatlaridan foydalanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya mamlakatdagi 3,5 million suriyalik qochqinlarni yurtiga qaytarishi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi