Bortida migrantlar bo‘lgan kema dengizda cho‘kib ketdi

Olam

image

Egey dengizida muhojirlarni olib ketayotgan kichik kemaning Gretsiya patrul kemasi bilan to‘qnashib ketishi oqibatida kamida sakkiz kishi, jumladan, bir bola cho‘kib ketdi. Bu haqda BBC xabar berdi. 

Xabarga ko‘ra, voqea Turkiyaga yaqin Rodos oroli yaqinida, muhojir kontrabandachilari tez-tez foydalanadigan marshrutda sodir bo‘lgan. Kema haydovchisi sohil qo‘riqlash xizmatining patrul kemasidan qochishga urinib, boshqaruvni yo‘qotgan va Gretsiya qirg‘oq qo‘riqlash kemasi bilan to‘qnashib ketgan. Vertolyot va qirg‘oq qo‘riqlash kemalari tirik qolganlarni qidirishni davom ettirmoqda. Hozirgacha dengizdan 18 kishi qutqarib olingan, omon qolganlarning ko‘pchiligi voqea oqibatida jarohat olgan.  

“Halok bo‘lgan insonlar uchun chuqur qayg‘u bildiraman. Bizning maqsadimiz foyda olish uchun odamlarni qurbon qiladigan shafqatsiz kontrabandachilarga qarshi kurashishdir”, dedi Gretsiya kemasozlik vaziri Xristos Stilianidis.

Yevropa Ittifoqining janubi-sharqiy burchagida joylashgan Gretsiya uzoq vaqtdan beri Yaqin Sharq, Afrika va Osiyodan kelgan muhojirlar va qochqinlar uchun Yevropaga qulay eshik bo‘lib kelgan. Oqibatda, Gretsiya Italiyadan keyin Yevropaga ikkinchi eng ko‘p foydalaniladigan migrant yo‘nalishiga aylangan. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, har yili Yevropaga qayiqda yetib borishga urinayotgan minglab muhojirlar O‘rta yer dengizida halok bo‘ladi. Birgina joriy yilning o‘zida Yevropaga dengiz orqali 180 mingga yaqin muhojir yetib borgan, 2 ming kishi halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Kelganlarning qariyb 23 foizi bolalar bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tunisning Chebba shahri janubida bortida 130 kishi bo‘lgan qayiq ag‘darilib ketishi oqibatida ikki kishi cho‘kib ketgani xabar berilgandi.

Diyorjon Quvondiqov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Evropa Ittifoqi kema dengiz migrantlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing