YeI Maltadan “oltin pasport” dasturini to‘xtatishni talab qildi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi sudi Maltani “oltin pasport” dasturini to‘xtatishga majbur qildi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.

Sud qarorida qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lgan hech bir davlat oldindan belgilangan to‘lov yoki investitsiyalar evaziga fuqarolikni – Yevropa fuqaroligini berishga haqli emas, chunki bu fuqarolikni oddiy savdo bitimiga aylantirish bilan barobar.

Yevropa Komissiyasi 2023 yilda sudga murojaat qilgan. Uning fikricha, Maltaning fuqarolikni investitsiya evaziga berish amaliyoti YeI fuqaroligi mohiyatiga putur yetkazadi. Malta fuqaroligini qo‘lga kiritgan shaxs Yevropa Ittifoqi hududida erkin yashash, ishlash va YeI saylovlarida ovoz berish huquqini oladi.

Bungacha Bryussel bosimi ostida Bolgariya va Kipr o‘zlarining shunga o‘xshash dasturlaridan butunlay voz kechgan. Malta esa dasturga ba’zi cheklovlar kiritgan, xususan, fuqarolik olish uchun bir yildan uch yilgacha rezident maqomida bo‘lish talabini joriy qilgan edi. Biroq YeI bunga qoniqmadi. Ittifoq bu kabi dasturlar korrupsiya, pul yuvish va soliqlardan qochish xavfini kuchaytirishini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Malta “oltin pasport” dasturini 2013 yil oxirida yo‘lga qo‘ygan. Fuqarolik olish uchun ariza beruvchidan 600-700 ming yevro miqdorida investitsiya jamg‘armasiga badal kiritish, kamida 700 ming yevrolik ko‘chmas mulk xarid qilish (uni faqat besh yildan keyin sotish mumkin) yoki yiliga kamida 16 ming dollarlik ijarada turish shart bo‘lgan. Shuningdek, notijorat tashkilotlarga 10 ming dollardan kam bo‘lmagan miqdorda xayriya qilish ham talab etilgan.

Nomzodlar Maltada yashashga majbur bo‘lmagan, biroq fuqarolik olish uchun mamlakatga kelib, biometrik ma’lumot topshirishi, ariza berishi va suhbatdan o‘tishi lozim edi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Mal'ta oltin pasport

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing