YeI Belarusga qarshi sanksiyalarni uzaytirdi
Olam
−
28 fevral 2023
1736Yevropa Ittifoqi Belarusdagi ichki repressiya va rejimning Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq cheklov choralarini yana bir yilga uzaytirishga qaror qildi. Bu haqda Yevrokomissiyaning rasmiy vebsaytida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, qaror yillik tahlil asosida, mamlakatdagi ichki vaziyatning og‘irligi va Belarusning Rossiya bosqinidagi ishtirokini hisobga olgan holda qabul qilingan. Sanksiyalarning amal qilish muddati 2024 yil 28 fevralgacha uzaytirilgan.
Cheklovchi choralar ro‘yxatga olingan shaxslarning Yevropa Ittifoqiga sayohat qilishini taqiqlash va aktivlarini muzlatishdan iborat. Hozirda 195 shaxs, shu jumladan, Aleksandr Lukashenko va 34 ta sub’ektga tegishli aktivlar muzlatilgan. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqidagi tashkilotlarga “qora ro‘yxat”dagi shaxslarga bevosita yoki bilvosita mablag‘ ajratish taqiqlangan.
“Yevropa Ittifoqi Belarusning Rossiya-Ukraina urushidagi ishtirokini keskin qoralaydi. Bundan tashqari, tashkilot mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni hal qilishga qat’iy qaror qilgan. Shuningdek, YeI Belarus xalqini demokratiyaga bo‘lgan qonuniy talablarini, shu jumladan, fuqarolik jamiyati hamda mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”, deyiladi Yevrokomissiya bayonotida.
Ma’lumot uchun, Belarus hozirda maqsadli iqtisodiy sanksiyalar, jumladan, moliya sektori, savdo-sotiq, texnologiya va telekommunikatsiyalar, energetika, transport va boshqa sohalardagi cheklovlar ostida qolmoqda.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi