YeI bahorda Kiyevga 1 million snaryad yetkazib beradi
Olam
−
10 yanvar
3254Yevropa Ittifoqi o‘z va’dasini bajaradi va shu yilning mart yoki aprel oylarida Ukrainaga 1 million artilleriya snaryadlari yetkazib beradi. Bu haqda Yevroparlamentning “Yevropani yangilash” liberal fraksiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ichki bozor bo‘yicha Yevropa komissari Terri Breton ma’lum qildi.
"Biz bu va’dada turibmiz, uning bajarilishi "mutlaqo realdir", degan Breton.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu maqsadga erishish uchun Yevropa Ittifoqi davlatlari uchinchi davlatlarga qurol eksportini kamaytirishi, shuningdek, milliy hukumatlar ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun mudofaa kompaniyalariga bosim o‘tkazishi kerak.
Shuningdek, Terri Breton Yevropa Ittifoqi qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirishga va bir yarim-ikki yil ichida bu ko‘rsatkich bo‘yicha Rossiya bilan tenglashishga qodirligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, komissar Breton 100 milliard yevro miqdorida Yevropa mudofaa fondi EDIP’ni yaratish rejalarini e’lon qildi. Bu Yevropa mamlakatlariga ishlab chiqarishni kengaytirish uchun qurol va mudofaa kompaniyalarini birgalikda sotib olish imkonini beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fevral oyi boshida bo‘ladigan sammitda Yevropa Ittifoqining davlat va hukumat rahbarlari ushbu masalani muhokama qiladi. Yevropa komissari 27 fevral kuni fond loyihasini taqdim etish niyatida.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning mart oyida Yevropa Ittifoqi Ukrainaga bir yil ichida 1 million artilleriya o‘qini yetkazib berishga va’da bergan edi. Biroq, Yevropa qurol ishlab chiqaruvchilari ishlab chiqarish hajmini oshirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. O‘tgan yilning noyabr oyida Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius va’da qilingan o‘q-dorilarni o‘z vaqtida yetkazib berishda qiyinchiliklar borligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, shu oy boshida Germaniya hukumati Ukrainaga Leopard 2 tanklari uchun snaryadlar va 10 ta Marder jangovar mashinalarini yetkazib bergandi.
LiveBarchasi