YeI 15 yoshga to‘lmaganlar uchun SI va ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlar, video platformalar, sun’iy intellekt chat-botlari va onlayn o‘yinlardan foydalanishini cheklashni taklif qilmoqchi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen joriy yilning 13 iyul kuni Bryusselda bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini tartibga solishga qaratilgan taklif yozdan so‘ng taqdim etilishini ma’lum qilgan edi. U bolalarni internetdagi zararli kontent va raqamli platformalarning salbiy ta’siridan himoya qilish uchun yoshga qarab cheklovlar joriy etish zarurligini ta’kidlagan.

Oradan ikki oy o‘tib, 14 sentyabr kuni “Reuters” Yevropa Ittifoqi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar, video almashish platformalari, sun’iy intellekt chat-botlari va onlayn o‘yinlardan foydalanishni cheklash bo‘yicha keng qamrovli reja tayyorlaganini xabar qildi. Taklif Yevropa Komissiyasi tomonidan 17 sentyabr kuni rasman taqdim etilishi kutilmoqda.

Yevropa Komissiyasi hujjatiga ko‘ra, mazkur tashabbus bolalarni internetdagi xavf-xatarlardan himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, YeI tomonidan bu yo‘nalishda ilgari surilayotgan eng keng qamrovli rejaga aylanishi mumkin.

Taklif Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen va YeI texnologiyalar bo‘yicha komissari Xenna Virkkunen taqdim etishi kutilayotgan “EU Kids Act” loyihasi doirasida ilgari suriladi.

Rejaga ko‘ra, turli raqamli xizmatlardan foydalanish yoshga qarab bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Kompaniyalarga yuklatiladigan majburiyatlar esa xizmat turi va foydalanuvchining yoshiga qarab farqlanadi.

15 yoshdan boshlab bolalar o‘z akkauntlarini mustaqil ochishi mumkin bo‘ladi. 13–14 yoshdagilar esa ota-onasining roziligi va nazorati ostida ijtimoiy tarmoqlar hamda video almashish platformalarida cheklangan akkauntlardan foydalanishi mumkin.

3–12 yoshdagi bolalar uchun akkauntlar to‘liq ota-onalar nazoratida bo‘lishi va faqat bolalar uchun mos, xavfsizlik standartlari qat’iy belgilangan xizmatlardan foydalanishga imkon berishi ko‘zda tutilgan. 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa bunday xizmatlardan foydalanishga ruxsat berilmaydi.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar va video platformalar yangi akkaunt ochayotgan foydalanuvchining yoshini tekshirishi kerak bo‘ladi. Onlayn o‘yin platformalari esa o‘yinlarni yuklab olishdan oldin foydalanuvchining yoshini aniqlashi talab etiladi.

Loyihada kompaniyalardan bolalarni o‘ziga qaram qilib qo‘yuvchi dizayn va zararli kontent oqimlarining oldini olish, shuningdek, zararli materiallar haqida xabar berish hamda ota-onalar nazoratini kuchaytirishga xizmat qiluvchi vositalarni taqdim etish ham talab qilinadi.

Shuningdek, kompaniyalar ushbu qoidalarni nazorat qilish va ijrosini ta’minlash uchun maxsus yig‘im to‘lashi kerak bo‘ladi.

Biroq taklif hali yakuniy hujjat emas. Yevropa Komissiyasi loyiha ustida YeI davlatlari va Yevropa Parlamenti bilan kelgusi oylar davomida ishlashi kerak. Shundan keyingina u qonun sifatida qabul qilinishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston hukumati tomonidan 16 yoshdan kichik bo‘lgan foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing