Yodgorov nega ko‘p “delolar” Oliy sudga kelib “sinayotgani” sababini aytdi
Jamiyat
−
22 yanvar 2020
7718Oliy sud raisi o‘rinbosari Holmo‘min Yodgorov quyi instansiyalar sudyalarining malakasi, shuningdek sud qarorlari ijro qilinmaslik holatlari haqida gapirdi.
Jurnalistlar bilan mehnat huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar mavzusi bo‘yicha Oliy sud tomonidan yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda qatnashgan jurnalistlar tomonidan ko‘plab quyi sudlar qarorlari Oliy sudga kelib “sinayotgani” haqida so‘raldi. Bunga sabab sifatida viloyat, tuman sudlari mustaqil emasmi degan savol o‘rtaga tashlandi.
“Endi bitta masala. Ish bor joyda xato bor. Birinchi instansiyadagi sudyalar endi ish boshlagan sudyalar. Viloyatda ham Oliy suddagidek ko‘p yillik ishlaganlar emas. Qonunni qo‘llash og‘ir masala. Ayniqsa, fuqarolik huquqi masalasida. Agar sudya ketma-ket xato qilaversa, chora ko‘ramiz. Bilib xato qilish bor, bilmay xato qilish bor”, deydi Oliy sud raisi o‘rinbosari.
Holmo‘min Yodgorov sud qarorlari ijro etilmaslik javobgarlik keltirib chiqarishi va qaror ijrosi muqarrar ekani haqida gapirdi.
“Aytaylik, biz ish bo‘yicha qaror qabul qildik. Qarorda oldingi sud qaroriga qo‘shilmadik va yangi qabul qildik. Ishni viloyat sudiga jo‘natamiz, ishning ijrosini ular qiladi. Sudni qarorini ijro qilmaslik avval ma’muriy, undan keyin jinoiy javobgarlik keltirib chiqaradi. Ba’zi ishlarda ijrosi ham bo‘lmaydi. Masalan, hokim qarori qaysidir hujjatni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ishlarda ijro qilish ham shartmas. Bu kamdan-kam ishlarda bo‘ladi. Lekin sud qarorini ijro qilish hamma uchun shart”, deydi u.