YeCHL: Markaziy bahs MYUga ataladimi yoki “Barselona”ga?

Tahlil

image

Ertadan Yevropa Chempionlar ligasi yana qaytadi. Har bir to‘qnashuvi xuddi finaldek o‘tayotgan chorak final bahslarining javob bellashuvlari kutmoqda bizni.

Bu bahslarning ilk o‘yinlaridan so‘ng, ayrim juftliklarda favoritlar ma’lum bo‘la boshlagan bo‘lsa ham, oldindan bir narsa deya olmaymiz. Negaki, kimsan “Real” mehmonda “Ayaks” ustidan 2:1 hisobida g‘alaba bilan kelgan payt, o‘z uyida 1:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yadi deb, kimdir o‘ylaganmidi? Shunaqa gaplar...

Javob bahslarini seshanba oqshomida “Barselona” – “Manchester Yunayted” va “Yuventus” – “Ayaks” o‘yinlari boshlab berishi kerak. 

Shubhasiz bu o‘yinlar orasida markaziy degan nomni “Kamp Nou” stadionida bo‘lib o‘tadigan uchrashuv o‘ziniki qilib oladi. Birinchi juftlikda “Barselona”ni safarda g‘alaba qozona olgani uchun hozirdan yarim finalga chiqarib qo‘yish biroz noto‘g‘ri bo‘lar edi. Sababini tushunib turibsiz, chunki “Manchester Yunayted” o‘z uyida kataloniyaliklarga bor-yo‘g‘i 1:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Bor-yo‘g‘i deyishimga sabab, ular PSJga “Old Trafford”da 2:0 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsada, Parijda fransuzlarni dodini berib qaytgan edi.

E’tibor bersangiz, barcha ingliz klublari safar o‘yinlarida ham yaxshiroq harakat qila oladilar. Buni Premer liganing hamon eng kuchli chempionat ekanligiga yuyishimiz mumkin. Chunki APLda har bir o‘yin o‘ta shiddatli va keskinliklarga boy o‘tadi.

Ammo shu o‘rinda “Barselona”ning ham kim ekanligini unutmaslik lozim. Bundan tashqari, ular bu mavsumda har bir kichik detallarga ham e’tibor bilan qarashmoqda. Hech bir jihat ko‘zdan yiroq emas. Shu sababdan "Orzular teatri"da kungil xotirjamligi uchun ham g‘alaba qozonildi.

 

O‘tgan mavsumda shunchaki bee’tiborlik sabab chorak finalda “Roma”ga imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi. Men aslo o‘sha “Roma” kataloniyaliklardan yaqqol kuchsiz edi demoqchi emasman, lekin “Barsa”ning rimliklarga yo‘l bo‘shatishi shunchaki Ernisto Valverdening o‘ta ehtiyotkorligi sabab YeCHLni boy berilishiga olib kelgan edi. 

Bu holatni murabbiyning tajribasizligi bilan ham bog‘lash mumkin. Chunki u bundan oldin bunday nufuzli turnirning muhim pallalarida ishtirok etib ko‘rmagan edida. U Atletik bilan nari borsa nimchorak finalgacha yetib borgan, xolos. Tushining u hattoki, Yevropa ligasining yarim finalida ham o‘ynab ko‘rmagan.

Ammo murabbiy bilan hozir hammasi o‘zgardi. U hisob kitobni yaxshi o‘zlashtirganligi har bir uchrashuvda ko‘rinmoqda. Qaysi payt kuchni tashlash, qaysi payt biroz chekinish kerakligini juda yaxshi biladi. Mana oxirgi o‘yinda deyarli barcha yetakchilarni dam olishlari uchun sharoit yaratib berdi. Endi asosiy kuch seshanba oqshomiga o‘yinga tashna holda yetib boradi.

MYUda esa hammasi boshqacha. Jamoa shanba kuni juda murakkab o‘yinni o‘tkazdi. Shunchaki omad tufayli 3 ochko qo‘lga kiritilganini, hatto, Ole-Gunnar Sulsher ham tan oldi.

Jamoa premer ligada hech bo‘lmasa kuchli to‘rtlikka kirish uchun jon-jahdi bilan kurash olib borayapti. Bu o‘rinda qolish uchun naqd to‘rtta jamoa tish qayrab turganligini hisobga olsak, hech bir o‘yinda MYUga oson bo‘lmaydi. Bu pallada “qizil iblislar”ning adashib ham durrang o‘ynashga haqlari yo‘q. Aks holda nufuzli turnirda ishtirok etish baxtidan mosuvo bo‘lishlari mumkin.

Biz siz bilan shunchaki jamoalarning javob bahsiga qadar bo‘lgan holatlarini ko‘rib chiqdik. Aslida esa maydon tekis, to‘p yumaloq. Shunday ekan bahs-munozaralarni yig‘ishtiramizda, qo‘lni qo‘lga berib, siz bilan bir narsaga kelishamiz. Keling shu bahsni eng kuchlisi yuta qolsin.


Maqola muallifi

Teglar

Barselona Manchester Yunayted EChL

Baholaganlar

45

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing