YeXHT O‘zbekistonda demokratik saylovga tegishli xalqaro standartlarga zid qoidalar mavjudligini aytib chiqdi
Jamiyat
−
11 Oktabr 2021
13063O‘zbekistonda saylovchilarni ro‘yxatga olish sust, u doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish reyestridan 18 yoshdagi va kattaroq fuqarolarni ajratib olishga asoslangan. Bu haqda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIXB) Saylovni kuzatish missiyasi (SKM)ning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha taqdim etgan Oraliq hisobotida aytilgan.
Qayd etilishicha, Saylovchilarning yagona elektron reyestrini (SYAER) Axborot texnologiyalarini rivojlantirish va kommunikatsiya vazirligi (ATRKV) olib boradi va ekspluatatsiya qiladi. Buni esa Markaziy saylov komissiyasi nazorat qiladi.
MSKning DIIXB SKMga ma’lumot berishicha, 2021 yilning mart – may oylari mobaynida turli davlat institutlari, jumladan vazirliklar, fuqarolar yig‘inlari tomonidan uyma-uy yurib ro‘yxatga olish amalga oshirilgan. MSK bergan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 21,2 million saylovchi bor.
Hisobotda og‘ir jinoyatlar bilan qamalgan mahbuslar va ruhiy xastaligi bor shaxslarning saylovda ovoz berishi mumkin emasligi qoralanadi:
“Og‘ir jinoyatlar uchun qamoq jazosini o‘tayotgan mahbuslar, shuningdek sud tomonidan, jumladan aqliy va ruhiy sabablarga ko‘ra layoqatsiz deb topilgan fuqarolar ovoz berish huquqiga ega emasligi demokratik saylovga tegishli xalqaro standartlarga zid”.
Shuningdek, saylovchilarni ro‘yxatga olish bo‘yicha ayrim holatlar DIIXB tavsiyalariga zid ekani aytilmoqda.
“Saylovchilar ro‘yxatlari SYAERdan olinib har bir saylov uchastkasi uchun alohida shakllantirilgan, saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. Uyma-uy yurib USK tomonidan saylovchilarning dastlabki ro‘yxatlarini aniqlash 9 oktyabrgacha davom etdi. Qayta ko‘rib chiqilgan ro‘yxatlar tuzatish kiritish uchun saylov kuniga besh kun qolguncha osib qo‘yiladi va saylov huquqi bor fuqarolar o‘z ma’lumotini shaxsan yoki onlayn tarzda tekshirishi yoki yangilashi mumkin.
Maxsus saylov uchastkalari hududida vaqtincha yashayotgan saylovchilar muassasa boshqaruvi tomonidan tegishli saylovchilar ro‘yxatiga qo‘shiladi. Xalqaro ilg‘or tajriba va DIIXBning ilgarigi tavsiyalariga zid o‘laroq, saylovchilar ro‘yxatiga kiritilmay qolgan, ammo SYAERda bor, saylov huquqiga ega saylovchilarni, ular shaxsini va yashash joyini tasdiqlasa, tegishli USK saylov kuni saylovchilar ro‘yxatiga kiritishi mumkin. Ularning tegishli ma’lumotlari keyin SYAER tizimidan barcha USKda o‘rnatilgan kompyuter terminali orqali tekshiriladi”.
LiveBarchasi