Yashnobod hokimi o‘zini qonunchilikka muvofiq mukofotlagani aytildi
Jamiyat
−
25 dekabr
5097Avvalroq Toshkent shahrining Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov o‘z sektorini “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasi g‘olibi, deb e’lon qilgani va sektor rahbari sifatida mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan hisobidan o‘zini o‘zi taqdirlab, 61 mln 875 ming so‘m ajratgani xabar qilingandi. Ushbu holat bo‘yicha Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (ARGOS) tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.
Ma’lum qilinishicha, hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muammolarning hal etilishi, aholi bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish, hududlarni rivojlantirish bo‘yicha sektorlarning faoliyatiga baho berishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 avgustdagi 536-son qarorida:
- sektorlar faoliyati samaradorligini baholash Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi orqali amalga oshirilishi;
- baholash natijalari bo‘yicha hududlar darajasida “Eng tashabbuskor sektor” yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblar aniqlanishi va 1-o‘rin uchun BHMning 200 baravari, 2-o‘rin – 150 baravari, 3-o‘rin – 100 baravari miqdorida pul mablag‘i bilan rag‘batlantirilishi belgilangan.
Shunga muvofiq, Toshkent shahar hokimining farmoyishiga asosan,
12 tumanning barcha 48 ta sektori kesimida o‘tkazilgan baholash natijasida Yashnobod tumani hokimi 1-sektor rahbari Baxtiyor Rahmonqulov 2-o‘rinni egallagan va unga BHMning 150 baravari miqdorida pul mukofoti ajratilishi belgilangan. Yuqorida qayd etilgan Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, mukofot mablag‘lari mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanishi ko‘zda tutilgan.
2024 yil 13 martda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Yashnobod tumani hokimining 2024 yil 24 oktyabrdagi qarori qabul qilinib, Baxtiyor Rahmonqulovga 61,9 mln so‘m ajratilishi ko‘rsatilgan. Ajratilgan mablag‘dan 12,4 mln so‘m yagona ijtimoiy to‘lov, 5,9 mln so‘m daromad solig‘i ushlab qolinib, hokimga 43,6 mln so‘m pul mukofoti berilgan.
“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar buzib ko‘rsatilgan bo‘lib, Yashnobod tumani hokimi 1-sektor rahbari Baxtiyor Rahmonqulov qonunchilikka muvofiq rag‘batlantirilganligini ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi