Yashnobod hokimi o‘rinbosarining ko‘zbo‘yamachiligiga chora ko‘rildi, haqiqat yuzaga chiqdi!

Jamiyat 23102

QALAMPIR.UZ`da Yashnobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod  Zufarov va tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Viloyat Akromovaning telefondagi o‘zaro suhbati aks etgan audionutq bo‘yicha jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan edi

Unda Yashnobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod  Zufarov va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Viloyat Akromovaning telefondagi suhbati aks etgandi. Audionutqda hokim o‘rinbosari Sh.M.Zufarov tuman MT bo‘limi mudiri V.Akromovaga omborni to‘ldirib qo‘yish kerakligi, tekshiruv kelib-ketgach, mahsulotlarni MTM mudiralari uyiga olib ketishi mumkinligini aytgan.

Mazkur holat yuzasidan e’lon qilingan maqoladan keyin, Toshkent shahar hokimligi 5 iyul kuni QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan audioyozuv va maqola bo‘yicha o‘rganish olib borayotgani, maxsus komissiya tuzilganini ma’lum qildi.

Olib borilgan o‘rganishlar bo‘yicha Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Elbek Shukurov QALAMPIR.UZ`ga Yashnobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod  Zufarovga hayfsan berilganini ma’lum qilib, rasmiy maktub yo‘lladi. Unda shunday deyiladi:

"Toshkent shahar hokimligi tomonidan QALAMPIR.UZ internet nashrining 2019 yil 5 iyuldagi 0-15-19-sonli murojaati urganib chiqildi. Xususan, Yashnobod tumani Maktabgcha ta’lim bo‘limi mudiri V.Akromova va tuman hokimining o‘rinbosari Sh.Zufarovlarning audionutqlari internet tarmoqlarida keng tarqalgani va bu borada aholi o‘rtasida shu kungacha muhokama etilayotgani yuzasidan manfaatdor boshqarmalar, tuzilma tarkibiga kiruvchi bo‘linmalar o‘rtasida muhokama etildi va bu kabi salbiy holatlarning oldini olish yuzasidan tushuntirishlar berildi. 

Shuningdek, tuman hokimining o‘rinbosari Sh.Zufarovga joriy yilning 22 iyul kuni 320-fk sonli Yashnobod tumani hokimining farmoyishiga asosan intizomiy jazo chorasi ko‘rildi va Toshkent shahar Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasining 2019 yil 9 iyuldagi 12-sonli yig‘ilish bayoni hamda Yashnobod tumani Maktabgcha ta’lim bo‘limi mudiri V.Akramovaning tushuntirish xatiga asosan o‘z vakolati doirasida ko‘rib chiqish va intizomiy jazo chorasini ko‘llash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligiga 2019 yil 26 iyulda 07-1046 sonli xat bilan murojaat qilinganligini ma’lum kilamiz”. 

Qizig‘i shundaki, hokimlar va ularning o‘rinbosarlarining majburiy mehnat va xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etish kabi topshiriqlaridan o‘z xodimini himoya qilish, adolatsizlikka qarshi tish-tirnog‘i bilan kurashish birinchi navbatda Maktabgacha ta’lim vazirligining vazifasi va majburiyati. QALAMPIR.UZ qo‘lidagi bir necha dalillar va audioyozuv bilan Maktabgacha ta’lim vazirligiga murojaat qilib, hududlardagi MTT mudiralari va tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi boshliqlari himoyasiga otlangan bir paytda vazirlik vaziyatda bepisand munosabatda bo‘ldi. Voqealar dalillar bilan isbotlansa ham, uni rad etishdan, bunday holat qayd etilmagan deb yolg‘on bayonot berishdan tap tortmadi. Biz vazirlik rahbariyatini bir necha bor tahririyatga taklif etdik, qo‘limizda ommaga e’lon qilib bo‘lmaydigan dalillar borligini ma’lum qildik. Ammo, vazirlik bilganidan qolmadi. Oqibat-chi? Oqibat nima bo‘ldi? Haqiqat o‘rtaga chiqdi. Agar hammasi MTV ta’kidlaganidek risoladagidek bo‘lganda, Toshkent shahar hokimligi o‘z xodimiga shunday chora qo‘llarmidi? 

Achinarlisi, QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova Maktabgacha ta’lim vazir Agrippina Shin ushbu masalada yuzlanganda vazir holatni yana rad etgandi

“Bu xabar zudlik bilan o‘rganildi. Tumandagi MTMlar mudirlari bilan yig‘ilish o‘tkazdik. Ularning ko‘rsatmasiga atrofidagilar ta’sir o‘tkazmasligi uchun individual suhbatlar ham bo‘ldi. Viloyat Akromova bilan suhbatda voqealarning to‘liq izchilligi tiklandi. Uzoq davom etgan surishtiruvdan keyin birorta mudira soxta mahsulot sotib olmagani aniqlandi. Ko‘pchilik o‘sha audio Telegram`dagi guruhga juda kech yuborilganini, unda aytilganlarni bajarishga ulgurmaganini bildirdi. Ularning aksariyati audioxabar uzunligi sabab uni oxirigacha eshitmaganini va unda mahsulot sotib olish kerakligi aytilganini bilmagan. Bog‘cha mudiralari tasvirga olish ishlari bo‘lishi aytilgani, hudud tartibga keltirilishi kerakligi haqida ko‘rsatma kelganini aytdi”, degan edi savolga javoban MTVning Maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yelena Gerasimovna Ten.

Ertami-kechmi haqiqat yuzaga chiqdi! Albatta, biz hokim o‘rinbosarining lavozimidan olinishini kutmagandik. Zotan, bunga ishonchimiz yuzdan 2-3 foiz edi. Boisi, tuman, shahar hokimliklarida vakolatli lavozimlarda ishlaydigan ayrim rahbarlarning ijtimoiy soha xodimlariga bunday tazyiq o‘tkazishlari tez-tez uchrab turadi va bu uchun ular ishdan olinaversa, anchagacha kursilar bo‘sh qoladi. Har holda hokim va hokim o‘rinbosari ishlab chiqaradigan zavodimiz yo‘q! Aksincha, ularni tarbiyalashimiz kerak! 

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 160
Reyting: 3.0
Будьте в курсе событий!
×
×