Yashirincha Moskvaga borgan AQSH razvedka rahbari kim bilan uchrashgani aytildi

Olam

image

Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Retkliff bilan Moskvada uchrashganini tasdiqladi. Bu haqda RBK xabar berdi.

“Uchrashuv bo‘lib o‘tdi, bunda hech qanday g‘ayrioddiy narsa yo‘q”, degan Narishkin jurnalistlarga.

Uning aytishicha, uchrashuvda maxsus xizmatlar vakolatiga kiradigan masalalar muhokama qilingan.

AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Retkliffning Rossiyaga tashrifini “yarim odatiy” deb atagan. Shu bilan birga, u MRB rahbarining Moskvaga tashrifidan “nimadir chiqishi mumkinligi”ni ham istisno qilmagan.

Fotograf Endryu Leydenning X ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Retkliff Moskvaga safaridan bir kun o‘tib, 26 avgust kuni Tramp ishlaydigan Oq uydagi Oval kabinetga tashrif buyurgan. Uchrashuvda Pentagon rahbari Pit Xegset va AQSH Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi rahbari Den Keyn ham qatnashgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff Rossiya poytaxti Moskvaga 25 avgust kuni e’lon qilinmagan muzokaralar uchun borgani haqida xabar berilgan edi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov kecha, 26 avgust kuni maxsus xizmatlar yo‘nalishida aloqalar bo‘lganini, biroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Retkliff bilan uchrashmaganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentga barcha voqealar haqida zudlik bilan axborot berib boriladi.

Shuningdek, Retkliff Moskvaga Rossiyani NATOga hujum qilish mumkin emasligi haqida ogohlantirish uchun borgani haqidagi tafsilotlar ham ma’lum qilingan edi. MRB direktorining tashrifi AQSH razvedkasi Rossiya yaqin yillarda NATOning qat’iyatini “sinab ko‘rishga” urinishi mumkinligi haqidagi prognozlarni e’lon qilgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing