Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash. Soliqdan qochish badali og‘irlashishi mumkin
Tahlil
−
08 fevral
9364Endi soliq to‘lamaganlik uchun jazolar og‘irlashtirilishi va qamoq muddatlari uzaytirilishi mumkin. Gap shundaki, Jinoyat kodeksining soliq va yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash haqidagi 184-moddasiga o‘zgartirishlar kiritilishi kutilmoqda. Bu orqali davlat yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni kuchaytirib, iqtisodiy intizomni tiklashga jiddiy kirishmoqda, deyish mumkin. Kutilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endi soliqdan bo‘yin tovlaganlar nafaqat katta jarimalar, balki yanada jiddiy choralar bilan “taqdirlanadi”. Masalan, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar sirasiga kiruvchi mazkur modda sanksiyalarida jarimalar miqdorining oshishi, axloq tuzatish ishlarining ozodlikni cheklash yoki undan mahrum qilish jazolariga o‘zgartirilishi, mavjud ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddatlari esa uzaytirilishi kutilmoqda.
Jinoyat kodeksining 184-moddasiga nima bo‘lyapti?
Ayni paytda deputatlar tomonidan muhokama qilinayotgan qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 184-moddasi (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) quyidagi o‘zgarishlarga duch kelishi mumkin.
Birinchi qismi: Foyda (daromad) yoki soliq solinadigan boshqa ob’ektlarni qasddan yashirishni, kamaytirib ko‘rsatishni, shuningdek davlat tomonidan belgilangan soliq yoki yig‘imlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlashni ancha miqdorda sodir etish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ro‘y bergan bo‘lsa, —
Amaldagi sanksiya: bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari.
Kiritilayotgan o‘zgarish: 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish.
Ikkinchi qismi: Soliq yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash:
a) takroran;
b) ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, —
Amaldagi sanksiya: bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Kiritilayotgan o‘zgarish: jarima miqdori 200 baravaridan boshlanishi; ozodlikdan mahrum qilish muddati 5 yilgacha uzaytirilishi.
Uchinchi qismi: Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash juda ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, —
Amaldagi sanksiya: bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Kiritilayotgan o‘zgarish: ozodlikni cheklash chiqarilib, faqat 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Tomonlar fikri qanday?
Kutilayotgan o‘zgarishlar hali tasdiqdan o‘tmagan bo‘lsa-da, huquqshunos va tadbirkorlarning bunga munosabati bilan qiziqdik. QALAMPIR.UZ bilan suhbatlashgan, ismini oshkor etishni xohlamagan tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, to‘liq tovar aylanmasiga yarasha soliqlar to‘lansa, tadbirkor bankrot bo‘lishi mumkin.
“Tadbirkor ko‘proq foyda olish uchun harakat qiladi, demak men soliqni qanchalik kam to‘lasam, shuncha ko‘proq foyda olaman. Buning uchun qilgan tovar aylanmamni yashiraman. Sababi soliq hisoblanish miqdori to‘g‘ridan to‘g‘ri shunga bog‘liq. Men to‘liq tovar aylanmani ko‘rsatib, soliqlarni to‘lasam, sotayotgan mahsulotlarim narxi oshib ketadi. Oqibatda boshqa tadbirkorlar bilan raqobat qilolmasdan, bankrotlikka uchrayman”, deydi u.
25 yil soliq tizimida ishlagan va hozirda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan QALAMPIR.UZ suhbatdoshi qonundagi o‘zgarishlar xususiy sektor faoliyatiga qanday ta’sir qilishi mumkin degan savolga quyidagicha javob berdi:
“Mening fikrimcha, deyarli hech qanday ta’sir qilmaydi. Sababi jazo og‘irlashtirilgani bilan jinoyat kamayib qolmaydi. Soliqqa tortish tizimini tubdan o‘zgartirish kerak”.
Inson huquqlari faoli, advokat Ozod Jo‘raboyevning fikriga ko‘ra, soliq va yig‘imlarni to‘lamaslik uchun ozodlikdan mahrum etish mutlaqo noto‘g‘ri.
“Mazkur modda sanksiyalarni og‘irlashtirish o‘rniga aslida uni jinoyat safidan chiqarib, ma’muriy huquqbuzarlik safiga kiritish yoki umuman huquqbuzarliklar safidan chiqarish kerak. Chunki bu fuqarolik munosabati. Soliq yig‘imlari va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash fuqaro bilan davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlardir. Buni jinoyat ob’ekti, fuqaroni esa jinoyat sub’ekti deb qarash noto‘g‘ri. Soliqdan bo‘yin tovlash holati sodir etilsa, iqtisodiy javobgarlikka tortish yoki iqtisodiy sanksiyalar qo‘llash kerak, lekin buning uchun ozodlikdan mahrum etish mutlaqo noto‘g‘ri”, deydi u.
Advokatning QALAMPIR.UZ’ga bildirishicha, Jinoyat kodeksining 184-moddasida aks etgan va hozirda jinoyat deb qaralayotgan soliq va yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holati jinoyat sudida emas, fuqarolik sudida ko‘rilishi kerak.
“Shunday holat sodir bo‘lganida ikkinchi tomon soliq majburiyatini buzganlik uchun sudga faqat fuqarolik sudiga berish kerak. Uni jinoyatga qo‘shish va yana sanksiyalarini og‘irlashtirish mantiqqa ham, xalqaro huquqqa ham mutlaqo zid. Bu faqat iqtisodiy munosabat bo‘lgani hamda fuqaro va davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni tartibga solayotgani uchun fuqarolik sudi ob’ekti bo‘ladi. Fuqaro soliq to‘lamasa, soliq qarzdorligi kelib chiqadi, qarzdorlik esa hech qachon jinoyat bo‘lmaydi”, deydi advokat.
O‘zgarishlar faqat og‘irlashtirishdan iborat emas!
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihasida faqat og‘irlashtiruvchi emas, yengillashtiruvchi o‘zgarishlar ham bor:
- tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish maqsadida soliq sohasidagi huquqbuzarlik uchun qo‘shimcha hisoblangan mablag‘lar tergov organi depozit hisob raqamidan byudjetga o‘tkazilguniga qadar penya hisoblanmasligi haqida yangi norma kiritilmoqda.
- mulkdorning yer uchastkasi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganida, mulkning bozor qiymatida to‘lab berilgan kompensatsiya miqdorini soliq daromadi tarkibiga kiritmaslik belgilanyapti.
- qasddan yashirilgan, kamaytirib ko‘rsatilgan foyda (daromad) bo‘yicha soliqlar va yig‘imlar to‘liq to‘langan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi nazarda tutilyapti.
- birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u tergovga qadar tekshiruv, tergov va birinchi instansiya sud muhokamasi davomida soliqlar va yig‘imlar, shu jumladan, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinishi belgilanmoqda.
Bugungi kundagi eng dolzarb masala – yashirin iqtisodiyot – Mirziyoyev
O‘tgan yilning 16 yanvarida Prezident makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yashirin iqtisodiyot haqida alohida to‘xtalgan. Davlat rahbari e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, xizmatlarda 140 trillion so‘m, qurilishda 50 trillion so‘m, sanoatda 40 trillion so‘m mahsulot “soyada” qolmoqda. Agar ular joyida bo‘lsa, bu orqali yalpi ichki mahsulotga 135 trillion so‘m, davlat byudjetiga esa 30 trillion so‘m miqdorida tushum qilish mumkin.
“27 mingta qurilish korxonasining 41 foizi hisobotida faqat bir nafar ishchisini rasmiy xodim sifatida ko‘rsatayotganidan Hidoyatov (o‘sha paytda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari; hozirda vazir Sherzod Hidoyatov) va hokimlarning bundan xabari bormi? Buni biladimi?”, degan edi Prezident videoselektor yig‘ilishida.
Kecha, 7 fevral kuni ham Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zi raislik qilgan xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yana noqonuniy iqtisodiy faoliyatga to‘xtaldi va O‘zbekistonda xufiyona faoliyat yuritib, “konvertda” oylik to‘layotgan tadbirkorlar ustidan nazorat kuchaytirilishini ma’lum qildi.
Aytish mumkinki, mavjud vaziyatni tahlil qilar ekansiz, mamlakat siyosatida byudjet tushumlarini ko‘paytirish maqsadida soliq tizimi “tartibga chaqirilayotgani”ni ko‘rishingiz mumkin. Aslini olganda, butun dunyo soliq nazoratini kuchaytirishga bel bog‘lagan. Sababi quyidagi ma’lumotda bo‘lishi mumkin. Tax Justice Network xalqaro notijorat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda dunyoda global soliq suiiste’molidan 492 milliard AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘qotilgan. Uning uchdan ikki qismi (347,6 milliard dollar) transmilliy korporatsiyalarning foydani boshqa davlatlarga o‘tkazishi orqali soliqlarni kam to‘lashidan kelib chiqqan. Qolgan uchdan bir qismi (144,8 milliard dollar) esa badavlat shaxslarning o‘z boyliklarini ofshor hududlarda yashirishidan yo‘qotilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur o‘zgarish joy olgan qonun loyihasiga bir emas, bir necha tashkilotlar tashabbuskorlik qilmoqda. Ammo hali oldinda qonunni qabul qilish yoki qilmaslikning yana bir necha bosqichlari turibdi. Senatorlar mazkur o‘zgarishlarni ma’qullaydimi yoki yo‘q buni vaqt ko‘rsatadi.
LiveBarchasi