Oyiga 5 mln so‘m qalam haqi: ijodkorlarga katta imtiyozlar berilmoqda
Madaniyat-san’at
−
01 iyun 2965 2 daqiqa
O‘zbekistonda yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlarga qator imtiyozlar berilmoqda. Bu haqda bugun, 1 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, har yili “Milliy ijodkorlar qurultoyi” o‘tkaziladi. Bu 21 ta ijodiy birlashmaning o‘ziga xos yillik hisoboti bo‘ladi.
Qurultoyda birlashmalarning yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlarining badiiy kechasi tashkil qilinadi va ular munosib taqdirlanadi.
Misol uchun, musiqa sohasida kamida 10 ta qo‘shiq yoki musiqa yaratgan, xalq artisti, xizmat ko‘rsatgan artist unvonini olgan yoki xalqaro tanlovlar g‘oliblari bo‘lgan, asarlari mamlakat va xalqaro sahnalarda ijro etilayotgan qo‘shiqchi, sozanda va kompozitorlar; adabiyot sohasida yuqori darajada e’tirof etilgan badiiy kitob muallifi bo‘lgan, yaratgan asari 50 ming nusxadan ziyod chop etilgan, ijod mahsuli teatr va kinoda sahnalashtirilgan, she’rlari “xit” qo‘shiqqa aylangan shoir, yozuvchi va dramaturglar taqdirlanadi.
Ularga yil davomida har oyda 5 million so‘mdan qalam haqi beriladi, O‘zbekiston bo‘ylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi. Ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida davolanish xarajati to‘liq byudjetdan qoplanadi. Ularning mahorat maktabi va ijod uylari tashkil etiladi.
Prezident sovrindorlar keyingi yili ham ijodini to‘xtatmay yangi natijalar qilsa, yuqoridagi imtiyozlarni olishda davom etishi haqidagi taklifni qo‘llab-quvvatlagan.
Yosh iste’dodlar, ularning ustozlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 sentyabrdan boshlab respublika tanlovi g‘oliblariga 100 million so‘m, nufuzli xalqaro tanlov sovrindorlariga esa 300 million so‘mgacha mukofot beriladi va ishtirok etish xarajatlari to‘liq qoplanadi. Ularning ustoz va murabbiylarining oylik maoshiga 100 foizgacha ustama to‘lanadi.
Bunday imtiyoz va yengilliklar xususiy ijodiy guruhlarga ham tatbiq etiladi.
Har yili 100 nafar yoshning davlat hisobidan xorijiy madaniyat-san’at dargohlarida ta’lim olishi yo‘lga qo‘yiladi.
Mamlakatdagi yosh iste’dodlarni aniqlab, yuzaga chiqaradigan, prodyuserlarni qo‘llab-quvvatlaydigan biznes loyihalarini ko‘paytirish maqsadida “Ijodga investitsiya” jamg‘armasi tashkil etiladi va yiliga 200 milliard so‘m beriladi.
Live
Barchasi