O‘zbekistonda 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi
Madaniyat-san’at
−
01 iyun 1969 2 daqiqa
O‘zbekistonda teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg‘u, tasviriy va amaliy san’at kabi 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi. Bu haqda bugun, 1 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu uchrashuvga tayyorgarlik davomida ko‘plab ijodkorlar bilan suhbatlar o‘tkazilgan, madaniyat va san’at ob’ektlari joyiga borib ko‘rilgan.
Davlat rahbari mazkur muloqotning maqsadi sohadagi muammolarga yechim topish hamda adabiyot, madaniyat, san’at va kreativ iqtisodiyotda yangi muhit yaratadigan katta tashabbuslarni boshlab berishdan iborat ekanini ta’kidlagan.
Sohada iste’dodlarni yuzaga chiqarish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi tizim joriy qilinishi qayd etilgan. Jumladan, teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg‘u, tasviriy va amaliy san’at kabi 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi.
Ijodiy birlashmalarga bir tomondan ustoz ijodkorlar, ikkinchi tomondan esa vazirlar va kompaniya rahbarlari hamrais bo‘ladi.
Bu jarayonda o‘z maktabini yaratgan san’atkorlarimiz yoshlarga kasb sirlari va sahna madaniyatini o‘rgatadi.
Vazirlar va kompaniya rahbarlari esa eng quyi pog‘onaga tushib, tumanlardagi musiqa maktablari va badiiy jamoalar bilan uchrashib, ularning muammolariga yechim topadi. Yoshlarning ijodiga yangi nafas olib kirish uchun har bir ijodiy birlashma kesimida mahalla – tuman – viloyat – respublika tanlovlarini tashkil qiladi. G‘olib va sovrindorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularni gastrol safarlari, festivallar va xalqaro tanlovlarda ishtirok etishiga ko‘maklashadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlarga qator imtiyozlar berilishi haqida xabar berilgan edi. Jumladan, ularga yil davomida har oyda 5 million so‘mdan qalam haqi beriladi.
Live
Barchasi