“Yashil oila”larga har yili lotereya orqali 14 ta elektromobil berilishi mumkin
Jamiyat
−
09 yanvar
5642“Yashil oila” maqomini olgan oilalar o‘rtasida har yili lotereya tashkil etilib, 14 ta elektromobil sovrin sifatida taqdim etilishi mumkin. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida"gi Prezident farmoni loyihasida so‘z boradi.
Ushbu davlat dasturi loyihasida “Bir million yashil oila” umummilliy harakatini tashkil etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu harakat ekofaol turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan.
Dasturga ko‘ra, kunlik 10 ming qadam yurishni targ‘ib qilish, velosiped kabi yashil transportni qo‘llab-quvvatlash, plastik mahsulotlardan foydalanishni qisqartirish, oziq-ovqat isrofgarchiligini oldini olish va energiya resurslaridan oqilona foydalanish asosiy tamoyillar sifatida belgilangan.
Mazkur harakat doirasida maxsus raqamli platforma ishga tushiriladi. Bu platforma fuqarolarni ekofaol bo‘lishga rag‘batlantirib, yuqori natijalarga erishganlarga “Ekofaol fuqaro” maqomi berilishini ta’minlaydi. Ushbu maqom egalariga davlat xizmatlari uchun 10% chegirma va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan banklar orqali iste’mol kreditlarida qulayliklar taqdim etiladi.
Shuningdek, “Ekofaol fuqaro” maqomini olgan har bir a’zo orqali oilalar “Yashil oila” maqomiga ega bo‘lishi mumkin. Ushbu maqomni olgan oilalar o‘rtasida har yili lotereya tashkil etilib, 14 ta elektromobil sovrin sifatida taqdim etiladi.
Bundan tashqari, aholining kamida yarmi “Yashil oila” maqomini olgan mahallalarda “Eng toza mahalla” va “Eng yashil mahalla” tanlovlari o‘tkaziladi. G‘oliblar jamg‘armasiga 41 ming dollar miqdorida mablag‘ ajratiladi. Ushbu mablag‘ bolalar maydonchalarini qurish, yashil bog‘lar yaratish va chiqindi yig‘ish infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Qonun loyihasi 22 yanvarga qadar muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2025 yilda AI-80 markali benzin sotilishi cheklanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, 2025 yil yakuniga qadar “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash taklif etilgan.
LiveBarchasi