“Yashil makon” dasturi uchun yana 100 mlrd so‘m ajratiladi

Jamiyat

image

Kelasi yil O‘zbekistonda “Yashil makon” dasturi uchun 100 milliard so‘m ajratiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 oktyabr kuni o‘z raisligidagi "Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishda e’lon qildi. 

Qayd etilishicha, endilikda daraxtlarni 3 yil parvarishlash, kasallikdan saqlash, sug‘orish xarajatlari ham investitsiya dasturiga kiritiladi.

Sug‘orish tizimi bo‘yicha 2 ta tajriba amalga oshiriladi. Xususan, 27 ta tumanda sug‘orish tizimi yaratish uchun 1 tadan quduq qazishga ruxsat beriladi. G‘allaorol tumanidagi tog‘larda qor-yomg‘ir suvini yig‘uvchi 10 ta geo-membrana o‘rnatilib, daraxtlarni sug‘orish tizimi yaratiladi. Bahorda 14 ta tumanning tog‘ va adir qiyaliklarida qavat-qavat qilib, terrasa usulida 500 gektarda daraxt ekish boshlanadi.

Shuningdek, viloyat hokimliklariga “Mening bog‘im” loyihasi bo‘yicha yashil bog‘ yaratishga kamida 1 gektar, yashil jamoat parki uchun yarim gektardan yer ajratish topshirildi. 

Bu maydonlar ekish mavsumigacha “Ochiq byudjet” portaliga qo‘yilib, daraxt turlari bo‘yicha tavsiya va ularning narxi ko‘rsatiladi. Bunda, parvarishlashda mas’uliyatsizlik qilgan shaxslarni mobil ilova orqali ogohlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, hokimlarga barcha obodonlashtirish bo‘limlarini 20 tadan sug‘orish mini-texnikasi bilan ta’minlash topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident bahor mavsumi paytida 28 ta tuman daraxt ekishda rejani bajarmaganini tanqid qilgan edi. Xususan, iqlim sharoitini hisobga olmasdan, suv yo‘q joylarga daraxt ekilgani uchun minglab tup daraxt ko‘karmagan. Sug‘orish tizimi yo‘q joyga Toshkent shahrida 322 ming, Samarqandda 96 ming, Toshkent viloyatida 67 ming, Qoraqalpog‘istonda 61 ming, Buxoroda 24 ming, Navoiyda 15 ming ko‘chat ekilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev “Yashil makon” Sug'orish tizimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made