Yarim soat ko‘zingizni chirt yumib yashab ko‘ring – Saida Mirziyoyeva

Jamiyat

image

Joriy yilning 1-3 noyabr kunlari Samarqand shahrida Samarkand Half Marathon – ilk xalqaro xayriya marafoni bo‘lib o‘tadi. Marofon avvalidan matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari Gayane Umerova, Samarkand Half Marathon loyihasi kuratori Mirxan Sagitov va Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining Ta’limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Madina Badalova ishtirok etdilar.

Samarkand Half Marathon 1-3 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Loyihaning asosiy maqsadi – madaniyat va san’at ob’ektlarining hammabopligi va inklyuzivligi muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb etish, shuningdek, O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sport turizmini rivojlantirish.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘z nutqida shunday deydi: 

“Samarqand yarim marafoni jamiyatda faol yashash tarzi g‘oyasini ilgari suradi va madaniyatning barcha uchun, shu jumladan, nogironligi bor insonlar uchun ochiqligini ta’minlash xayrli g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu tashabbus tarafdori. Ma’lumki, bizning agentlik ham shu borada faoliyat olib boradi. Joriy yilda biz “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi xaritasini ishlab chiqdik. U nogironligi bo‘lgan insonlarni ijtimoiy ko‘nikmasi bo‘yicha, ko‘zi ojiz va yaxshi ko‘ra olmaydigan insonlarni o‘quv, badiiy, ilmiy va boshqa adabiyot bilan ta’minlash bo‘yicha aniq harakatlarni ko‘zda tutadi. 

Inklyuziv muhitni yaratishga doir xayriya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va hayotga tatbiq etish katta vazifadir. Bunday tadbirlar, dasturlar ko‘p bo‘lishi kerak. 

Biz, shukrki ko‘ramiz, cheklovsiz harakat qilish, his etish imkoniyatiga egamiz. Lekin oramizda shunday insonlar borki, ular biz kabi orzu qiladi. Faqat farqli jihati biz kabi imkoniyatga ega emas. Inklyuziya – bu butun jahonda ilgari surilayotgan ijtimoiy konsepsiya. Unga ko‘ra, salomatligidan qat’i nazar, jamiyatdagi har bir odamga moddiy va ma’naviy boyliklardan bahramand bo‘lish va o‘zini namoyon etishga imkon berilishi lozim. Samarqand yarim marafoni loyihasining asosiy maqsadi ham shu. Biz bu tadbir orqali avvalo jamoatchilik e’tiborini madaniyat va san’at ob’ektlaridagi inklyuzivlikka qaratmoqchimiz. Bejizga Samarqand tanlanmadi. Milliy, madaniy, tarixiy merosimizning katta qismi aynan shu hududda jamlangan. Biroq bu madaniy boyliklardan hamma ham foydalana oladimi yoki yo‘q. Shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslarga qanchalik imkoniyat yaratilgan. 

Ushbu loyihaga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida madaniyat va san’atni rivojlantirish fondi tomonidan qator tadqiqot ishlari olib borildi. Bunda teatrlar, muzeylar, bog‘lar va Toshkent shahridagi boshqa madaniyat muassasalarining imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ochiqligi, ularda bunday insonlar e’tiborga olingan yoki olinmagani, sharoitlar borligi muammosi o‘rganildi. 

Siz hozir ko‘zingizni yumib, xonadan chiqib, zinadan tushib, avtobusda yurib ko‘ringchi... Yarim soat ko‘zingizni chirt yumib, yashab ko‘ring. Ba’zilar bor bir umr shunday yashashga majbur. Shu bois, barchamizning maqsadimiz bir – mamlakatimizda yashovchi hamma insonlar uchun qulaylik yaratish, imkoniyati cheklanganlarni jamiyatga to‘liq ijtimoiy integratsiya bo‘lish chorasini ko‘rish va shart-sharoit yaratish”.

Tadbirda ta’kidlanganidek, yarim marafonda ham tajribali, ham yangi yuguruvchilar ishtirok etishi mumkin -21 km, 10 km va 2 km masofalar taqdim etiladi.

Marafondan tushgan mablag‘lar Toshkentdagi teatrlardan birida tajriba loyihasini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.

Marafonchilar Samarqanddagi 18 ta madaniyat ob’ektlari oldidan o‘tishadi.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva Samarkand Half Marathon

Baholaganlar

143

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing