Yarim asrlik jinoyat. Ted Bandining yana bir qurboni aniqlandi

Olam

image

Amerika tarixidagi eng mashhur seriyali qotil Ted Bandining yana bir qurboni aniqlandi. Qotillik 51 yildan so‘ng zamonaviy DNK texnologiyalari yordamida fosh etilgan. Bu haqda AQSHning Yuta shtati politsiyasi xabar berdi.

1974 yilning 31 oktyabri, 17 yoshli Laura Enn Helloven kechasida dugonasining uyidagi ziyofatdan chiqqan va sirli tarzda g‘oyib bo‘lgan. Oradan bir oy o‘tib politsiya qizning jasadini Fork kanoni yaqinidagi yo‘ldan topgan.

Tergovchilar uzoq vaqtdan beri o‘sha paytda kamida o‘ttizta qizni o‘ldirishda gumonlanib  qamoqxonaga tushgan Ted Bandini Lauraning qotili sifatida ko‘rgan. Bandining o‘zi ham 1989 yilda Floridada qatl etilishidan oldin qizni u o‘ldirganini tan olgan. Ammo qotil o‘lim tafsilotlarini aniqlashtirishdan bosh tortgan.

Joriy yilning 1 aprel kuni Yuta okrugi sherifi Mayk Reynolds jurnalistlar ishtirokidagi matbuot anjumanida Laura Enning tanasidan Ted Bandiga tegishli bo‘lgan DNK namunalarini topganini va politsiya qizning qotili Bandi ekanligini yuz foiz tasdiqlagan holda jinoyat ishini yopganini ma’lum qilgan.

“Laura Enning tanasidan topilgan DNK namunalari Ted Bandiniki bilan rad etib bo‘lmaydigan foizlarda mos keldi. Endilikda bu amaliyotdan boshqa huquq-tartibot idoralari ham Bandi va unga o‘xshash qotillarning qurboni bo‘lgan insonlarning yillar davomida ochilmay yotgan ishlarini fosh etishda foydalanishlari mumkin”, deydi sherif Reynolds.

2023 yilda Yuta shtati politsiya laboratoriyasi inson tanasidan DNK namunalarini ajratib oladigan yangi DNK texnologiya apparatini ishlab chiqqan. Qurilma hattoki bir necha odamlarning DNKsidan juda kichik yoki buzilgan namunalarni ham ajratib olishi mumkin.

1 aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Lauraning singlisi Mishel Impala ham ishtirok etib, opasining jinoyat ishi ochilishida yordam bergani uchun politsiya va OAV xodimlariga minnatdorlik bildirgan.

“Odamlar hali ham Lauraning ishi bilan qiziqishayotgani meni juda quvontirdi. Bilasizmi, men sherif Reynolsdga va bu ishda befarq bo‘lmagan barcha OAV xodimlariga oilam nomidan chuqur minnatdorligimni bildiraman”, deydi Impala.

Shuningdek, u opasi vafot etganida atigi 12 yoshda bo‘lgani va oralaridagi besh yosh farqga qaramay Impala opasi bilan juda yaqin munosabatda bo‘lganligini qo‘shimcha qilgan.

Ma’lumot uchun, Ted Bandi 1970-yillarda o‘ttizdan ortiq qizni zo‘rlab, o‘ldirishda ayblangan. Ularning ko‘pchiligi voyaga yetmagan maktab o‘quvchilari bo‘lgan. U qurbonlarini hech kim e’tibor bermaydigan joylar – eski parklar, daryo bo‘ylari va shaharning odam istiqomat qilmaydigan qismlariga olib borib o‘zining mudhish qilmishlarini sodir etgan. Manyak o‘zining beozor va kelishgan ko‘rinishidan foydalanib, qurbonlarining ko‘pchiligi bilan bir necha muddat ishqiy munosabatlar o‘rnatgan va keyinchalik ularni zo‘rlab o‘ldirgan hamda yosh qizlarning jasadini daryo va o‘rmon chetlariga tashlab ketgan.

1975 yilda politsiya Bandining mashinasidan qo‘l kishanlari, chang‘i niqobi, arqon, tig‘li buyumlar va qon dog‘larini topib, seriyali qotilni hibsga olgan. Sud uni 1974-1978 yillar davomida o‘ttizdan ortiq voyaga yetmagan qizlarni o‘g‘irlash va zo‘rlab o‘ldirishda ayblab, manyakka nisbatan o‘lim jazosini tayinlagan. Ted Bandi 1989 yilning 24 yanvarida Floridadagi og‘ir turdagi retsidivistlar saqlanadigan qamoqxonada elektr stuliga o‘tqizish orqali o‘ldirilgan.

Ekstremal qotil to‘g‘risida 2002 yilda hujjatli triller, 2019 yilda esa Gollivud tomonidan “Axloqsiz yovuz va yoqimtoy shayton” filmlari suratga olingan.

Hojiakbar Muhammadjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

qurbon Yarim asrlik jinoyat Ted Bandi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing