Yevropada jazirama qurbonlari 10 mingdan oshdi
Olam
−
11:32 370 2 daqiqa
Yevropaning g‘arbiy qismini joriy yil iyun oyining oxirida qamrab olgan rekord darajadagi jazirama oqibatida 10 mingdan ortiq odam vafot etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 22–28 iyun kunlari Yevropaning 27 davlatida jami 10 ming 650 nafar odam vafot etgan. Ularning 9 mingdan ortig‘i 65 yosh va undan katta fuqarolar bo‘lgan. Ma’lumotlar Yevropa Kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘magida faoliyat yurituvchi EuroMOMO tarmog‘i tomonidan e’lon qilingan.
Mutaxassislarning aytishicha, kuchli jazirama issiq urishi, shuningdek, yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklarini og‘irlashtirishi mumkin. Ayniqsa, keksalar bunday ob-havodan eng ko‘p zarar ko‘radigan qatlam hisoblanadi.
Daniyaning Statens Serum Institut bosh shifokori Lasse Vestergaardga ko‘ra, yilning ushbu davrida bunday ko‘rsatkich kuzatilishi odatiy hol emas.
“Bunday yuqori ko‘rsatkichni kuchli jaziramadan boshqa omil bilan izohlash qiyin”, degan u.
Olimlarning ta’kidlashicha, iyun oyining oxiridagi bunday issiq to‘lqini inson faoliyati sabab yuzaga kelayotgan iqlim o‘zgarishisiz deyarli kuzatilmagan bo‘lardi. Global isish tufayli jazirama to‘lqinlari tobora tez-tez va kuchliroq sodir bo‘lmoqda.
Qayd etilishicha, EuroMOMO ma’lumotlari 27 mamlakatning milliy statistikalari asosida tuzilgan bo‘lib, ular faqat issiqlik bilan bog‘liq emas, balki barcha sabablar tufayli qayd etilgan o‘limlarni qamrab oladi.
Tashkilot alohida davlatlar bo‘yicha raqamlarni e’lon qilmagan. Biroq iyun oyining oxirgi haftasida Fransiya va Belgiya eng yuqori o‘lim ko‘rsatkichlari qayd etilgan davlatlar bo‘lgan. Belgiyada esa bu 2000 yildan buyon jazirama davrlaridagi eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida Yevropani qamrab olgan kuchli issiq to‘lqini davrida Fransiya, Belgiya va Niderlandiyada dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kamida 3 ming 700 nafardan ortiq o‘lim holati qayd etilgan edi.
Shuningdek, Germaniyada 2026 yil boshidan buyon kuchli jazirama sababli taxminan 5 ming 120 kishi vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi