Yaralarni tezda bitiradigan yangi davolash usuli ishlab chiqildi

Salomatlik

image

Shvetsiyaning Chalmers texnologiya universiteti va Germaniyaning Frayburg universiteti olimlari jarohatlarni davolashning yangi usulini ishlab chiqishdi. Bu usul elektr tokiga asoslangan bo‘lib, u regeneratsiya (tiklanishni)ni uch marta tezlashtirishi aytilmoqda. Bu haqda “Lab on a Chip” jurnalida xabar qilindi.

Ma’lumki, ko‘pchilik uchun kichik yaralar xavfli emas, chunki ko‘pincha ular o‘z-o‘zidan tez fursat ichida tuzalib ketadi. Biroq ayrim kasalliklarga chalingan bemorlar uchun hatto kichik zarar jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Qandli diabet, umurtqa pog‘onasi shikastlangan yoki qon aylanishi yomon bo‘lgan odamlarda yaralarning tuzalib ketish imkoni past bo‘ladi. Oqibatda ular uzoq muddatli amputatsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan infeksiya va surunkali jarohatlarga moyil bo‘ladi.

Olimlar tomonidan ishlab chiqilgan yangi davolash usuli esa elektr stimulyatsiyasidan foydalanishni nazarda tutadi. Ushbu g‘oya teri hujayralarining elektr maydonlarida ma’lum yo‘nalishlarda harakatlanishiga asoslanadi. Ya’ni teri hujayralari bo‘lgan Petri idishiga elektr maydon qo‘yilsa, hujayralar tasodifiy harakat qilishni to‘xtatadi va bir yo‘nalishda harakat qila boshlaydi. Mutaxassislar teri hujayralari o‘stirilgan mikroskopik biochipga elektr tokini yo‘llash orqali sun’iy teridagi yaralarning bitishini tezlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.

Hozirda olimlar jamoasi tadqiqotni davom ettirish va kelajakda yaralarni davolovchi mahsulotlarni ishlab chiqish imkonini beradigan katta grant yutgan.


Maqola muallifi

Teglar

jarohat yaralarni davolash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing