Yaponiyaning yangi Bosh vaziri saylandi
Olam
−
01 Oktabr
2758Bugun, 1 oktyabr kuni Tokioda bo‘lib o‘tgan Vakillar palatasining yalpi majlisida Yaponiyaning hukmron Liberal-demokratik partiyasining yangi rahbari Sigeru Isiba Bosh vazir etib saylandi. Bu haqda “Kyodo” axborot agentligi xabar berdi.
“Isiba parlament quyi palatasida Yaponiya Bosh vaziri etib saylandi”, deyiladi bayonotda.
Taxminlarga ko‘ra, Mudofaa vazirligini general Nakatani, Tashqi ishlar vazirligini esa sobiq mudofaa vaziri Takesi Ivaya boshqaradi. Vazirlar Mahkamasining sobiq bosh kotibi Katsunobu Kato Moliya vaziri bo‘lishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri esa Yodzi Muto bo‘lishi mumkin. Kisida boshchiligidagi hukumatning yuqori vakili va LDP poygasida to‘qqiz da’vogardan biri Yosimasa Xayasi Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi lavozimini saqlab qoladi.
Quyi palata a’zolarining amaldagi vakolatlari 2025 yil oktyabrda tugaydi. Avvalgi saylovlar Kisida bosh vazir bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, 2021 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan.
Sigeru Isiba LDPdagi eng tajribali siyosatchilardan biri bo‘lib, bir necha davlat lavozimlarida ishlagan: Mudofaa vaziri (2007-2008), Qishloq xo‘jaligi vaziri (2008-2009) va Aholi sonining qisqarishiga qarshi kurashish va mahalliy iqtisodiyotni jonlantirish vaziri (2014-2016).
2002 yildan 2004 yilgacha Isiba Milliy mudofaa agentligini boshqargan va Yaponiya o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlarini o‘zgartirishdagi asosiy shaxslardan biriga aylandi. Rasmiy Yaponiyaning birinchi razvedka sun’iy yo‘ldoshining muvaffaqiyatli uchirilishi va SM-3 Blok IIA ballistik raketasining Qo‘shma Shtatlar bilan birgalikda ishlab chiqilishini nazorat qildi, shuningdek, Yaponiya harbiy xizmatchilarining 2003 yilda BMT Xavfsizlik Kengashi ruxsatisiz xorijda birinchi marta – Iroqqa joylashtirilishiga yordam berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya sobiq Bosh vaziri Fumio Kisida kabineti parlamentning kecha, 30 sentyabr kuni yakunlangan navbatdan tashqari sessiyasida iste’foga chiqdi. Kisida mamlakatning hukmron Liberal-demokratik partiyasi (LDP) raisi saylanganidan keyin hukumat rahbari lavozimini tark etishini aytgan edi. Kisida saylovda qatnashmaslikka qaror qilgandi, chunki hukumat reytingi bir qator mojarolar tufayli, asosan, LDPga siyosiy xayriyalarni yig‘ishda moliyaviy hisobot qoidalarini buzish tufayli rekord darajaga tushib ketgandi.
LiveBarchasi