Yaponiyaning asosiy meteorologik sun’iy yo‘ldoshi ishdan chiqdi
Olam
−
11 noyabr
1604Yaponiyaning “Ximavari-9” meteorologik sun’iy yo‘ldoshi infraqizil tasvirlarni uzatishni to‘xtatdi. Bu haqda mamlakat Milliy meteorologiya boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, muammo Yer yuzasini infraqizil nurlar yordamida kuzatish bilan bog‘liq suratlarning uzatilishida yuzaga kelgan.
“Buzilishlarga qaramay, “Ximavari-9” ning boshqa muhim funksiyalari ish holatida qolmoqda. Sun’iy yo‘ldosh tayfunlar, kuchli yomg‘irlar va shamol kabi tabiiy ofatlar haqida ogohlantirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni uzatishda davom etmoqda”, deyiladi xabarda.
Mamlakat meteorologiya boshqarmasi nosozlik sababini bilmasligini va u qachon bartaraf etilishini ayta olmasligini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, “Ximavari” – geostatsionar sun’iy yo‘ldoshlar oilasi bo‘lib, ularning birinchisi 1977 yilda uchirilgan. Ushbu qurilmalardan Yaponiyadan tashqari, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Avstraliya va Yangi Zelandiya meteorologiya idoralari foydalanib keladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yaponiya o‘zining yangi H3 raketasida ALOS-4 sun’iy yo‘ldoshini muvaffaqiyatli uchirgandi.
Muhammad Hodiyev