Yaponiyadagi yetakchi partiya parlament saylovida mag‘lubiyatga uchradi
Olam
−
28 Oktabr
1553Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi (LDP) 70-yilda uchinchi marta saylovda yengildi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Kecha, 27 oktyabr kuni Yaponiyadagi parlament saylovida 1955 yildan buyon kichik tanaffuslar bilan yetakchilikni saqlab kelayotgan LDP-Komeito o‘ng-markaz koalitsiyasi qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi. Koalitsiya parlamentdagi 64 ta o‘rinni boy berib, atigi 215 ta o‘rinni saqlab qoldi.
So‘nggi marotaba koalitsiya 2009 yilda saylovni boy bergandi.
Yaponiya parlamentida ko‘pchilik — 235 o‘rinni muxolifatchi partiyalar keng alyansi qo‘lga kiritdi, bular orasida eng ko‘p ovozni (148 ta o‘rin) liberal Konstitutsion-demokratik partiya to‘pladi. Mamlakat parlamentida yetakchilik uchun 233 ta o‘rin kifoya.
Sigeru Isibaning raislikka kelishi ham, iqtisodiy revitalizatsiya bo‘yicha va’dalar ham (aholi jon boshiga YAIM bo‘yicha Tayvan va Janubiy Koreya Yaponiyani ortda qoldirgan) liberal-demokratlarga yordam berolmadi. Kamiga 2023-2024 yillardagi korrupsion mojaro o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi. O‘shanda aniqlanishicha, LDPning mutasaddilari salkam 4 mln dollar saylovoldi mablag‘larini o‘zlashtirib olgan.
Shunga qaramasdan, parlamentda endi ko‘pchilikka aylangan muxolifatchilarning ittifoqi kurs o‘zgarishini kafolatlay olishi shubha ostida. “Japan Times” ekspertlarining fikricha, LDP bir nechta mayda partiyani o‘ziga og‘dirib, hukumat ishini falajlab qo‘yishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 oktyabr kuni Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba Vakillar palatasini tarqatib yuborgandi. Parlamentni tarqatib yuborish 27 oktyabrda umumiy saylov o‘tkazish uchun zamin yaratgan. 465 a’zoli quyi palataning tarqatilishi Isibaning lavozimga kirishganidan atigi sakkiz kun o‘tib sodir bo‘lgan va bu urushdan keyingi Yaponiyada eng tezkor shunday holat sifatida qayd etilgan. Bu orqali u muxolifatning so‘nggi daqiqalarda uni to‘xtatishga bo‘lgan harakatlarini yo‘qqa chiqargan. Muxolifat Bosh vazirning noqulay qaroridan norozi bo‘lgan va hukumatga qarshi ishonchsizlik votumi kiritgan.