Yaponiyada zilzila qurbonlari yuzga yaqinlashdi
Olam
−
05 yanvar
2291Yaponiyada zilzila qurbonlari soni 92 kishiga yetdi. Bu haqda mamlakat viloyatlari hokimiyatlari ma’lum qildi.
Favqulodda vaziyatlarda qutqaruv xizmati bedarak yo‘qolgan 242 kishini topa olmayapti. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zilzilalar oqibatida 250 dan ortiq aholi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.
Tabiiy ofat hududida Yaponiya o‘z-o‘zini mudofaa kuchlari ishtirokida qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda. Kecha, 4 yanvar kuni qutqaruvchilar vayronalar ostida 72 soatdan ortiq vaqt o‘tkazgan tirik keksa ayolni topgan.
Isikava prefekturasi eng katta zarar ko‘rdi: u yerda 250 dan ortiq uy vayron bo‘lgan, yong‘inlar oqibatida yana 200 ta bino zarar ko‘rgan.
Mahalliy hokimiyat bu raqamlar yakuniy emasligidan ogohlantirmoqda, chunki zarar miqdorini aniqlash davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 1 yanvar kuni Yaponiyada 7,6 magnitudali zilzila yuz berdi. Shundan so‘ng yer silkinishlari 150 martadan ortiq qayd etilgan.