Yaponiyada yana bir poytaxt paydo bo‘lishi mumkin
Olam
−
26 iyul 4191 4 daqiqa
Joriy yilning 24 iyul kuni Yaponiya parlamenti favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda Tokio uchun zaxira varianti sifatida “ikkinchi poytaxt” tashkil etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Bu haqda “Kyodo” xabar berdi.
Qayd etilishicha, zaxira poytaxt tizimini yaratish Yaponiya hukumatining mamlakat g‘arbidagi Osakani Tokioga o‘xshash megapolisga aylantirishga bo‘lgan intilishiga qo‘shimcha turtki berishi mumkin. Bu reja, shuningdek, ma’muriy funksiyalarni maqbullashtirish va hokimiyatni detsentralizatsiya qilishga qaratilgan.
Bashqaruvchi blok tomonidan taklif etilgan qonun loyihasi muxolifat lageri tomonidan keskin tanqidga uchragan. Ularning bildirishicha, hujjat Bosh vazir Sanae Takaiti boshchiligidagi hukmron Liberal-demokratik partiyaning koalitsiya bo‘yicha kichik hamkori – Osakada joylashgan Yaponiya innovatsiyalar partiyasi uchun maxsus ishlab chiqilgan.
Parlament sessiyasi rasman yakunlanishidan oldingi oxirgi ish kuni qonun loyihasini o‘z vaqtida qabul qilishga intilgan hukmron lager va parlamentdagi ovoz berishdan oldin o‘z talablari hisobga olinishini xohlagan muxolif partiyalar o‘rtasidagi bahs-munozaralar bilan o‘tgan. Muxolifat saylovchilarning muayyan nomzodlar yoki partiyalarni qo‘llab-quvvatlashi ularning referendumdagi tanloviga ta’sir qilmasligi uchun mahalliy saylovlar va referendumni bir kunda o‘tkazishni taqiqlashni talab qilgan.
Katta ehtimol bilan bu “Komeyto” partiyasi yetakchisi va ayni paytda Osaka gubernatori bo‘lgan Xirofumi Yosimuraning kelayotgan bahorda uchinchi referendum va navbatdagi gubernatorlik saylovlarini bir kunda o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qilgani bilan bog‘liq.
Osakani megapolisga aylantirish bo‘yicha avvalgi urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan: 2015 va 2020 yillardagi ikkita referendum Liberal-demokratik partiya tomonidan qarshilik ko‘rsatilgani sababli kichik ovoz farqi bilan rad etilgan. Hukmron blok tomonidan berilgan yon berishlardan so‘ng muxolifat nihoyat qonun loyihasini parlament yuqori palatasi – Maslahatchilar palatasi yalpi majlisida ovoz berishga qo‘yishga rozi bo‘lgan.
Yangi qonunga ko‘ra, Bosh vazir aholi soni va iqtisodiyot hajmi bo‘yicha muayyan talablarga javob beradigan prefekturalarning arizalari asosida zaxira poytaxtni tayinlashi mumkin.
Qonun loyihasini hukmron Liberal-demokratik partiya va uning koalitsiya bo‘yicha hamkori – Yaponiyaning tiklanish partiyasi, shuningdek, “Miray jamoasi” partiyasi va boshqalar qo‘llab-quvvatlagan. Hujjat kichik ovoz farqi bilan qabul qilingan: 123 nafar deputat yoqlab, 121 nafari esa qarshi ovoz bergan.
Ma’lumot uchun, dunyoda davlat hokimiyatini markazlashtirmaslik, siyosiy murosa yoki tarixiy an’analar tufayli ikkita poytaxtga ega bo‘lgan bir nechta davlat mavjud. Bunday tizimda odatda shaharlardan biri konstitutsiyaviy yoki qirollik qarorgohi hisoblansa, ikkinchisi hukumat va ma’muriy idoralar jamlangan amaliy markaz vazifasini bajaradi.
Bunga eng yorqin misol sifatida Niderlandiyani keltirish mumkin. U yerda Amsterdam davlatning rasmiy va konstitutsiyaviy poytaxti bo‘lsa-da, mamlakat parlamenti, hukumati va qirollik qarorgohi Gaaga shahrida joylashgan. Janubiy Amerikaning Boliviya davlatida ham shunday tizim amal qiladi: Sukre shahri rasmiy va sud hokimiyati markazi hisoblansa, La-Pas shahrida hukumat va parlament faoliyat yuritadi. Shuningdek, Chilida ham oliy hokimiyat bo‘lingan bo‘lib, Santyago rasmiy va ijroiya poytaxt, Valparaiso esa parlament joylashgan qonun chiqaruvchi markazdir.
Osiyo qit’asida Malayziya Kuala-Lumpurni rasmiy va qirollik poytaxti sifatida saqlab qolgan holda, barcha ma’muriy va hukumat idoralarini Putrajaya shahriga ko‘chirgan. Shri-Lanka esa Kolombo shahrini ijroiya va sud markazi qilib belgilab, Shri-Jayavardenepura-Kotteni rasmiy va parlament poytaxtiga aylantirgan.
Afrika qit’asida bunday davlatlar soni anchagina. Masalan, Kot-d’Ivuarda Yamusukro rasmiy siyosiy poytaxt bo‘lsa, Abidjan de-fakto ma’muriy va iqtisodiy markaz hisoblanadi. Beninda Porto-Novo rasmiy poytaxt maqomiga ega, biroq hukumat qarorgohi va amaldagi boshqaruv Kotonu shahrida joylashgan. Esvatini qirolligida Mbabane ma’muriy poytaxt, Lobamba esa qirollik qarorgohi va qonun chiqaruvchi markazdir. Burundi davlatida esa Gitega siyosiy poytaxt, Bujumbura esa iqtisodiy va ijroiya markaz sifatida amal qiladi.
Bundan tashqari, dunyoda uchta rasmiy poytaxtga ega bo‘lgan yagona davlat ham mavjud bo‘lib, bu Janubiy Afrika Respublikasidir (Pretoriya – ijroiya, Keyptaun – qonun chiqaruvchi va Blumfonteyn – sud poytaxti). Shveysariya esa konfederatsiya bo‘lgani uchun umuman rasmiy konstitutsiyaviy poytaxtga ega emas, ammo Bern shahri amalda davlat markazi vazifasini bajaradi.
Live
Barchasi