Yaponiyada yaqin orada mega zilzila sodir bo‘lishi mumkin
Olam
−
03 aprel
5741Yaponiya hukumati Tinch okeani tubidan o‘tuvchi, Sidzuoka prefekturasidan Cikoku va Kyusyu orollarigacha cho‘zilgan Nankay yorig‘ida yuz beradigan kuchli zilzila oqibatidagi zararning yangilangan bahosini e’lon qildi. Eng yomon ssenariy bo‘yicha qurbonlar soni 298 ming kishiga yetishi, mamlakat aholisining 10 foizgacha bo‘lgan qismi evakuatsiya qilinishga majbur bo‘lishi, shuningdek, 115 ming gektar maydon suv ostida qolishi mumkin. Bu haqda NHK World telekanali xabar berdi.
Yaponiyaning zilzilalarni o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi tomonidan joriy yil yanvar oyida e’lon qilingan so‘nggi baholash natijalariga ko‘ra, kelgusi 30 yil ichida Nankay yorig‘ida kuchli zilzila yuz berish ehtimoli taxminan 80 foizni tashkil etadi. Kelgusi 10 yil ichida bunday zilzila yuz berish ehtimoli taxminan 30 foiz, 50 yil ichida esa 90 foiz yoki undan yuqori deb baholanmoqda.
Hozirgacha eng yomon ssenariy bo‘yicha qurbonlar soni 320 mingdan oshishi, jabrlanganlar esa 620 mingdan ortiq bo‘lishi taxmin qilingan edi. Ushbu prognoz 10 yil oldin tuzilgan bo‘lib, keyinchalik hududlarning topografiyasi bo‘yicha aniqroq ma’lumotlarga asoslangan yangi hisoblash usullari joriy etildi.
Endi eng yomon ssenariy bo‘yicha 298 ming kishi halok bo‘lishi mumkin, bu oldingi ko‘rsatkichlardan taxminan 8 foiz kam, chunki ilgari 323 ming kishi halok bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingandi.
Eng katta zarar zilzila qish faslida, tunning chuqur paytida yuz bersa kuzatilishi mumkin. Qurbonlarning asosiy qismi zilzila keltirib chiqaradigan sunami oqibatida vafot etadi. Eng yomon ssenariyda sunami oqibatida 215 ming kishi halok bo‘lishi kutilmoqda. Yana 73 ming kishi bino qulashidan, 9 ming kishi esa zilzila ortidan chiqqan yong‘inlar oqibatida vafot etishi mumkin.
Bundan tashqari, evakuatsiya qilinishi kerak bo‘lgan odamlar soni ham oshirilgan. 2012 yilgi prognoz bo‘yicha bu ko‘rsatkich 9,5 million kishi deb baholangan bo‘lsa, so‘nggi baholashda bu raqam 12,3 million kishiga yetkazilgan, ya’ni Yaponiya aholisining 10 foizini tashkil etadi.
Yaponiyaning 47 ta prefekturasidan 31 tasidagi 764 ta ma’muriy hududda 7 ballik zilzila shkalasi bo‘yicha 6 balli silkinishlar seziladi. 25 ta prefekturada sunami balandligi 3 metrdan oshishi, 13 ta prefekturada esa 10 metrdan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Koti va Sidzuoka prefekturalarida sunami balandligi 30 metrdan oshishi mumkin.
Zilzila oqibatida 30 santimetr va undan ortiq suv ostida qoladigan maydon hajmi avvalgi prognozlarga nisbatan 30 foizga oshirilgan va 115 ming gektardan ortiq maydonni tashkil etadi. 2,35 millionta bino zilzila, sunami va yong‘inlar oqibatida butunlay vayron bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, tabiiy ofatning uzoq muddatli oqibatlari tufayli yuz beradigan qo‘shimcha o‘lim holatlari ilk bor baholandi. Bunga evakuatsiya markazlarida yashash sharoitining yomonlashishi ham kiradi. Eng yomon ssenariyda, bu omillar tufayli 26 mingdan 52 minggacha odam vafot etishi mumkin, bu esa 2011 yil shimoliy-sharqiy Yaponiyadagi zilziladan keyin qayd etilgan ko‘rsatkichdan 10 baravar ko‘p.
Xavf ostida bo‘lishi mumkin bo‘lgan guruhlar:
- 265 minggacha odam – maxsus parvarishga muhtoj shaxslar;
- 80 minggacha homilador ayollar;
- 53 minggacha og‘ir kasalliklarga chalingan bemorlar.
Nankay yorig‘ida yuz beradigan kuchli zilzilaning iqtisodiy zarari 270 trillion yen (1,8 trillion AQSH dollari) deb baholanmoqda.
So‘nggi yillarda seysmologlar Nankay yorig‘ida yaqin kelajakda mega zilzila yuz berishi mumkinligidan tobora ko‘proq xavotir bildirmoqda. Ushbu yoriqda kuchli zilzilalar har 100-150 yilda bir marta sodir bo‘ladi. Eng kuchli silkinishlar Xonsyu orolining janubiy qirg‘oqlari bo‘ylab, shuningdek, Sikoku orolida va Kyusyuning sharqiy qirg‘oqlarida sezilishi kutilmoqda.
Ushbu hududda oxirgi yirik zilzila 1946 yil 21 dekabr kuni sodir bo‘lgan. Uning magnitudasi 8,1 bo‘lib, Xonsyu orolining shimoliy hududlaridan Kyusyugacha bo‘lgan katta maydonda sezilgan. Epitsentr Vakayama prefekturasining janubida joylashgan.
Ushbu zilzila oqibatida turli hisob-kitoblarga ko‘ra kamida 1,3 ming kishi halok bo‘lgan, 2,6 ming kishi jarohat olgan, 113 kishi bedarak yo‘qolgan 36 mingdan ortiq uy butunlay yoki qisman vayron bo‘lgan.
Bundan tashqari, ushbu yirik zilzila balandligi 6 metrgacha yetgan sunami hosil qilgan. Sunami yana 1,5 mingga yaqin uylarni vayron qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning yetakchi seysmologi Naji Go‘ryur Marmar dengizi hududida bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzila oqibatida qariyb 4 million kishining hayoti xavf ostida qolishi mumkinligini aytgan edi. Seysmologlarning baholashicha, magnitudasi 7 yoki undan yuqori bo‘lgan zilzilada taxminan 90 ming bino vayron bo‘ladi, 260 ming bino shikastlanib, yashash uchun yaroqsiz holga keladi. 4,5 million odam vaqtinchalik boshpanaga muhtoj bo‘ladi.
LiveBarchasi
Trenddagilar




