Yaponiyada to‘fon tufayli millionlab odamlar evakuatsiya qilindi (video)
Olam
−
29 avgust
6310Kecha, 28 avgust kuni Yaponiyaning janubi-g‘arbiy qismida “Shanshan” to‘foni kuchli shamol va yomg‘irga sabab bo‘lib, elektr energiya tizimini ishdan chiqardi, havo qatnovini chekladi va yirik zavodlarni yopishga majbur qildi. Shuningdek, millionlab odamlar uylaridan evakuatsiya qilindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozirgacha kamida uch kishi halok bo‘ldi va ko‘plab odamlar jarohat oldi. Rasmiylar bu mintaqadagi eng kuchli bo‘ronlardan biri bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Dafn marosimi xizmati xodimi Tomoki Maeda Kyusyu janubidagi Miyazaki shahrida sodir bo‘lgan to‘fon ba’zi binolarning derazalarini sindirib, devorlarini vayron qilganiga guvoh bo‘lgan.
“Men 31 yillik hayotim davomida hech qachon bunday kuchli shamol yoki tornadoni boshdan kechirmaganman”, deydi u.
Tezligi sekundiga 50 metr (soatiga 180 km) bo‘lgan to‘fon Nagasaki prefekturasidagi Unzen shahri yaqinida soat 13:45 da sodir bo‘lgan. Meteorologiya agentligiga ko‘ra, to‘fon soatiga 15 km tezlik bilan shimolga harakatlanmoqda.
“Kyushu Electric Power Co” kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yetti prefekturadagi 230 mingga yaqin xonadon elektr ta’minotidan mahrum bo‘lgan. Kommunal tashkilot avvalroq to‘fon Senday atom elektr stansiyasiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagani haqida xabar bergan.
Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Yoshimasa Xayashi tayfun bilan bog‘liq hodisalarda uch kishi halok bo‘lganini va bir kishi bedarak yo‘qolganini, Tabiiy ofatlarni boshqarish agentligi esa 45 kishi tan jarohati olganini ma’lum qildi. Mamlakat bo‘ylab 5,2 milliondan ortiq odam evakuatsiya qilingan.
Meteorologiya agentligining xabar berishicha, bo‘ron kelgusi bir necha kun davomida Kyusyudan so‘ng, markaziy va sharqiy mintaqalarga, jumladan, poytaxt Tokioga ham yaqinlashishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aviakompaniyalar 800 ga yaqin reyslarni bekor qilgan. Kyusyuning ko‘plab hududlarida poyezd, yuzlab avtobus va parom qatnovi ham to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Yaponiyada tayfun tufayli 230 ta reys bekor qilingan edi.