Yaponiyada rekord darajada yomg‘ir yog‘ib, kamida 8 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Yaponiyaning sharqiy hududlarida kuzatilgan misli ko‘rilmagan kuchli yomg‘ir oqibatida kamida 8 kishi halok bo‘ldi. Tabiiy ofat Chiba prefekturasida elektr ta’minotining uzilishiga, transport qatnovining izdan chiqishiga va minglab odamlarning aeroportda qolib ketishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, Chiba prefekturasida kecha, 13 avgust kuni tushdan keyin bir soatda 100 millimetrdan ortiq yomg‘ir yog‘gan. Bu avgust oyidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan qariyb uch baravar ko‘p bo‘lib, mamlakatda qayd etilgan eng yuqori yog‘ingarchilik hajmi sifatida baholangan. 20 mingdan ortiq xonadon elektr ta’minotisiz qolgan.

Mahalliy hukumatlar eng yuqori beshinchi darajadagi favqulodda ogohlantirishni e’lon qilgan. 100 mingdan ortiq xonadon aholisiga evakuatsiya qilish tavsiya etilgan. Kuchli yomg‘ir ko‘chkilarga sabab bo‘lgan, ayrim temir yo‘l qatnovlari va avtomobil yo‘llari vaqtincha yopilgan.

Halok bo‘lganlar orasida suv bosgan yo‘lda avtomobili ichida qolib ketgan ayol ham bor. Yana ikki kishi ko‘chada yiqilib, keyinchalik vafot etgan.

Yomg‘ir oqibatida Tokiodagi Narita aeroportida ham minglab yo‘lovchilar qolib ketgan. Qariyb 1 800 kishi Chiba prefekturasi hukumat binosida tungan. Aeroport ma’muriyati juma kuni barcha reyslar jadval bo‘yicha amalga oshirilishini bildirgan, biroq ayrim reyslarda kechikishlar kutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning janubiy Okinava prefekturasiga “Delfin” tayfuni yetib kelishi oqibatida 6 kishi jarohatlangani, 50 mingdan ortiq xonadon va bino elektr ta’minotidan uzilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing