Pandemiya davrida Yaponiyada o‘z joniga qasd qilish darajasi o‘sdi
Olam
−
22 yanvar 2021
3198Yaponiyada 2020 yil, koronavirus pandemiyasi davrida o‘z joniga qasd qilishlar soni o‘sdi. Bu haqda Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berilgan.
Manbaga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilishlar soni so‘nggi o‘n yillikda ilk bor o‘sgan.
Bo‘limning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda Yaponiyaning 20 ming 919 nafar fuqarosi o‘z joniga qasd qilgan, bu 2019 yilga nisbatan 3,7 foizga ko‘pdir.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shu davrda mamlakatda koronavirusdan 3 ming 460 kishi vafot etgan.
Ayniqsa, ayollar va bolalar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatining sezilarli darajada o‘sishi qayd etilgan.
2020 yilning sakkiz oyi davomida 300 dan ortiq maktab o‘quvchilari o‘z joniga qasd qilishga urinish natijasida vafot etgan, bu 2019 yilning shu davriga nisbatan 30 foizga ko‘pdir.
Ma’lumot o‘rnida, Yaponiyada o‘z joniga qasd qilishning eng yuqori darajasi 2003 yilda bo‘lgan. O‘sha yilda taxminan 34 ming kishi o‘z joniga qasd qilgan.
Turli mamlakatlardagi psixologlar koronavirus pandemiyasi fonida dunyoda stress, iqtisodiy notinchlik va oilaviy muammolar tufayli o‘z joniga qasd qilish darajasi o‘sishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.