Yaponiyaga kuchli to‘fon yopirildi
Olam
−
10 avgust 2023
3481Joriy yilning 9 avgust kuni Yaponiya janubi-g‘arbiy hududida joylashgan Kyusyu orolining bir qismida kuchli yomg‘ir paytida yuzaga kelgan “Xonun” to‘foni anchagina talofatlarni yuzaga keltirdi. Bu haqda “Kyoda news” agentligi xabar berdi.
Yaponiya meteorologiya agentligining aytishicha, sekin harakatlanuvchi to‘fon toshqinlar, kuchli shamollarni yuzaga keltirgan. Shu bilan birga to‘fon janubiy orollar – Tanegacima va Yakusima hududlarida boshlanib, Kyusyu orolida davom etgan.
Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, Tinch okeani sohilidagi g‘arbiy va sharqiy Yaponiyagacha bo‘lgan hududlarda avgust oyida rekord darajadagi yog‘ingarchilik kuzatiladi.
Noqulay ob-havo sharoitida ko‘plab jarohat olganlar borligi haqida xabar berilgan. Shuningdek, Kumamoto, Nagasaki, Miyazaki va Kagosima prefekturalaridan 6000 dan ortiq odam evakuatsiya qilingan. Kyusyu shahri hukumati ham odamlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha buyruqlar chiqargan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt prefektura va Oitadagi 12 mingga yaqin uy xo‘jaliklari elektr energiyasiz qolgan. Bir qator stansiyalarda temir yo‘l xizmatlari yopilib, jami 400 dan ortiq reyslar bekor qilingan. Reyslar to‘xtatilishi oqibatida 45 mingdan ortiq yo‘lovchi manzilga yetib bormagan.
Kecha soat 21:00 holatiga ko‘ra, “Xonun” to‘foni Nagasaki prefekturasining Goto shahridan shimolga qarab harakatlanayotgan bo‘lib, uning markazida atmosfera bosimi 975 gektopaskalga, shamol tezligi 144 km/soatga yetgan. 24 soat ichida Sikoku orolida 300 millimetrgacha, shimoliy va janubiy Kyusyuda esa 250 millimetrgacha yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.
LiveBarchasi