Yaponiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat jiddiylashdi
Olam
−
19 noyabr 2020
6639Yaponiyada koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat eng xavfli darajaga yetdi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Yoshihide Suga ma’lum qilgan.
"Koronavirus tarqalishi haqida gapiradigan bo‘lsak, kecha yangi yuqtirishlar soni rekord darajadan (2 ming 189) oshib ketdi. Biz bu dahshatli holat ekanini tushundik", degan u.
Suganing ta’kidlashicha, Tokio ma’muriyatidan poytaxt aholisini kafe va restoranlarga to‘rt kishidan ko‘p bo‘lib borishni to‘xtatishga chaqirish talab qilingan.
Qayd etilishicha, Tokioda 2020 yil 24 iyuldan 9 avgustgacha yozgi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tishi kerak edi. Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli musobaqa qoldirilgan. Endi u 2021 yilning 23 iyulidan 8 avgustigacha o‘tkazilishi belgilangan.
Ma’lumot uchun, Yaponiyada koronavirusga chalinganlar 121 mingdan oshgan. 104 mingdan ko‘p kishi sog‘ayib ketgan. 1 ming 895 nafar bemor virus qurboni bo‘lgan.