Yaponiya viza narxini besh barobarga oshiradi 

Olam

image

Yaponiya joriy yil 1 iyuldan boshlab xorij fuqarolari uchun viza rasmiylashtirish narxini besh barobarga oshirmoqda. Bu viza tariflarining so‘nggi 48 yil ichidagi ilk bor qayta ko‘rib chiqilishi. Bu haqda “The Economic Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu qaror kecha, 19 iyun kuni bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida ma’qullangan. Rasmiylar to‘lovlarning oshishini mamlakatdagi xorijliklar soni ortib borayotgani fonida ko‘payib borayotgan ma’muriy xarajatlarni qoplash zarurati bilan izohlamoqda. 

Yangi tariflarga ko‘ra, bir martalik viza narxi 3 ming iyenadan 15 ming iyenagacha (taxminan 93 dollar), ko‘p martalik viza esa 6 ming iyenadan 30 ming iyenagacha (taxminan 196 dollar) ko‘tariladi. Yangi stavkalar 1 iyuldan boshlab topshiriladigan arizalarga nisbatan qo‘llaniladi.

Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegining aytishicha, amaldagi to‘lovlar 1978 yildan beri o‘zgarmagan va rasmiylar o‘tgan o‘n yilliklar davomida to‘planib qolgan inflyatsiya hamda valyuta kursining o‘zgarishini hisobga olgan holda ularni qayta ko‘rib chiqishga qaror qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik bu qarorning turizmga keskin ta’sir qilishini kutmayapti, chunki qaror turli omillar sinchkovlik bilan tahlil etilganidan so‘ng qabul qilingan.

Viza to‘lovlarining oshirilishi o‘tgan oyda qabul qilingan yangi qonun sharofati bilan amalga oshirilmoqda. Ushbu qonun hukumatga viza va rezidentlik to‘lovlarini amaldagi darajaga nisbatan 30 barobargacha oshirish imkonini beradi. Ilgari rezidentlik maqomini o‘zgartirish yoki yashash muddatini uzaytirish uchun to‘lovning yuqori chegarasi 10 ming iyenani tashkil etardi, doimiy yashash joyi uchun ariza berish ham xuddi shuncha turardi – yangi qonun ushbu limitlarni tegishlicha 100 ming va 300 ming iyenagacha ko‘tardi. Ushbu limitlar doirasida rasmiylar rezidentlik maqomini o‘zgartirish va yashash muddatini uzaytirish to‘lovini hozirgi 5,5–6 ming iyenadan 10–70 ming iyenagacha, doimiy yashash uchun ariza berish to‘lovini esa 10 ming iyenadan 200 ming iyenagacha oshirishni taklif qilib bo‘lgan. Ushbu qo‘shimcha o‘zgarishlarni keyingi moliyaviy yilning oxirigacha, ya’ni 2027 yilning 31 martiga qadar joriy etish rejalashtirilgan.

Rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘shimcha daromadlar soni tobora ortib borayotgan xorijlik rezidentlarga – 2025 yilning oxirida ularning soni rekord darajadagi 4,13 million kishiga yetgan – xizmat ko‘rsatishga, shuningdek, yapon tilini o‘rganish dasturlariga va mamlakatda noqonuniy qolishga qarshi kurashishga yo‘naltiriladi. Tokiodagilar viza va rezidentlik to‘lovlari G‘arb davlatlari darajasiga yaqinlashishi kerakligini ko‘rsatib o‘tmoqda, masalan AQSH va Germaniyada viza muddatini uzaytirish to‘lovlari Yaponiyadagidan sezilarli darajada yuqori.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamenti biznes va sayyohlik vizasi olishni istovchilar uchun yangi pullik xizmatni ishga tushirayotgani haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, arizachilar qo‘shimcha 750 dollar to‘lash evaziga viza suhbatiga ancha tezroq yozilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

viza Yaponiya viza narxi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing