Yaponiya o‘zida mavjud antivirus preparatini 20 ta davlatga yetkazib beradi
Olam
−
11 aprel 2020
11145Yaponiya hukumati BMT vositachiligida grippga qarshi “Favipiravir” (“Avigan” nomi bilan ham tanilgan) priparati partiyasini 20 ta davlatga yuboradi. Bu preparatdan koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda foydalanish mumkin, deya ma’lum qildi Yaponiya tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi.
“Biz ushbu dori samaradorligini bilish uchun xalqaro hamkorlikni kuchaytirmoqchimiz”, dedi tashqi ishlar vaziri. Ta’kidlanishicha, ushbu preparatni qabul qiluvchi davlatlar orasida Indoneziya, Eron, Myanma va Chexiya qayd etilgan.
“Favipiravir” Yaponiyaning Fujifilm Holdings korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Uning nojo‘ya ta’sirlari tufayli preparat hech qachon bozorda ochiq sotilmagan. Ammo Yaponiya hukumati gripp epidemiyasi holatida har ehtimolga qarshi uni zaxirada saqlab turadi. Bundan tashqari, “Favipiravir” Ebola bilan kurashishda samarali qo‘llanilgan. Yaponiya hukumati uni joriy yilning yoziga qadar koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun dori vositasi sifatida tasdiqlanishini istamoqda. Ayni damda “Favipiravir”ning zaxirasi grippga chalingan 2 million yoki koronavirusga chalingan 700 ming bemorni davolashga yetadi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyada koronavirusga 6 005 nafar odam chalindi. 685 bemor shifo topgan bo‘lsa, 99 kishi vafot etdi.