Yaponiya Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar kiritdi. Ro‘yxatda Alisher Usmonov ham bor
Olam
−
08 mart 2022
12321Yaponiya hukumati Ukraina atrofidagi vaziyat va Rossiya Federatsiyasining tinmayotgan harbiy amaliyoti munosabati bilan yana 20 nafar rossiyalik, jumladan tadbirkorlar va amaldorlarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Ro‘yxat bugun, 8 mart kuni Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilingan.
Xususan, uning tarkibiga Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Prezident Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko, Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Kozak, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov kirgan.
Bundan tashqari, ro‘yxatga rossiyalik tadbirkorlar, jumladan, aka-uka Rotenberglar, Gennadiy Timchenko, Alisher Usmonovlar ham kiritilgan. Shuningdek, ikki tashkilot – Internet tadqiqot agentligi va Wagner PMC’ga nisbatan ham sanksiyalar joriy etilgan.
Sanksiyalarga ko‘ra, Yaponiya hukumati neftni qayta ishlash uskunalarini Rossiyaga eksport qilishni taqiqlamoqda.
Taqiqlar nafaqat Ukraina hududi harbiy operatsiyani olib borayotgan Rossiyaga, balki unga ittifoqdosh bo‘lgan Belarusga nisbatan ham chiqarilgan.
Yaponiya TIV Belarusga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar ro‘yxatini e’lon qildi, unga 12 nafar jismoniy shaxs va 10 nafar Belarus kompaniyasi va tashkilotlari kirrgan. Xususan, undan Belarus Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) rahbari – Aleksandr Lukashenkoning o‘g‘li Viktor Lukashenko, Belarus Prezidentining matbuot kotibi Natalya Eysmont o‘rin olgan. Yaponiya, shuningdek, Belarus Mudofaa vazirligi, shu jumladan, mamlakat qurolli kuchlariga eksportni taqiqlamoqda.
Yaponiya avvalroq Rossiyaning 49 kompaniyasi va tashkilotiga, jumladan, Rosoboroneksport, Rostec, FSB va Tashqi razvedka xizmatiga nisbatan eksport sanksiyalarini joriy qilishni ma’qullagan edi. Shuningdek, “Otkritiye Bank”, “Novikombank”, “Sovcombank”, VTB, “Rossiya Bank”, “Promsvyazbank” va VEB.RF aktivlarini muzlatishga qaror qilingan.
Qolaversa, Rossiya Federatsiyasi rahbariyatiga nisbatan shaxsiy sanksiyalar qo‘llanilgan. Ro‘yxatga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev, Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovlar kiritilgan.
LiveBarchasi