Yaponiya Rossiyaga qarshi kelishuvdan ajralib chiqdi – WSJ
Olam
−
03 aprel 2023
21356Yaponiya Rossiya neftini barreli uchun 60 dollarlik chegarada sotib olish haqidagi G7 davlatlarining kelishuviga qaramay, Rossiyadan 60 dollardan yuqori narxda neft sotib olishga qaror qildi. Bu haqda "The Wall Street Journal" xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, mamlakat G7 davlatlari bilan Rossiya neftini 60 dollardan qimmatga sotib olmaslik haqidagi kelishuv bo‘yicha istisno qilishga AQSHdan ruxsat olgan. Yaponiya hukumati buni Rossiya energiya manbalariga kirish zarurligi bilan asoslagan. Shu bilan birga, Rossiya tabiiy gazining Yaponiyaga eksporti nisbatan kichik ekani va bu Yaponiyaning barcha import gaziga nisbatan 10 foizni tashkil qilishi aniqlangan.
Tahlilchilarning fikricha, Yaponiyaning Rossiya energiya manbalariga bog‘liqligi Tokioning Rossiya bilan urushda Ukrainani to‘liq qo‘llab-quvvatlashiga nisbatan ikkilanishiga sabab bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, G7 davlatlari o‘tgan yilning 5 dekabridan boshlab Rossiya nefti narxlari chegarasini barreli uchun 60 dollardan, shu yilning 5 fevralidan boshlab esa neft mahsulotlari uchun bir barreliga 100 va 45 dollar (mos ravishda premium va chegirma bilan sotiladigan mahsulotlar uchun) miqdorida belgilagan edi. Yaponiya G7 doirasida Rossiya neftiga narx chegarasini joriy etishni qo‘llab-quvvatladi, ammo “Saxalin-2” loyihasidan neft yetkazib berish bo‘yicha imtiyozlarga erishdi.
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi