Yaponiya Rossiyaga qarshi bo‘lmagan 19 davlatga bor “mehrini” beryapti

Olam

image

Yaponiya hukumati BMTning Rossiya Federatsiyasining Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasini qoralagan rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlamagan jami 19 davlatga Rivojlanish uchun rasmiy yordam (RRYO) sifatida 12,8 milliard yen (91 million dollar) ajratishga qaror qildi. Bu haqda bugun, 21 noyabr kuni NHK telekanali xabar berdi. 

Bu summaning katta qismi Laoga (2,9 mlrd yen – 20 mln dollar) tegishli. Bundan tashqari, Vetnam va Eron mos ravishda 12 million va 11 million dollar olishi kutilmoqda. Shuningdek, ro‘yxatda Qirg‘iziston, Efiopiya, Nikaragua ham bor edi. 

Yaponiya Moliya vazirligi RRYO doirasida byudjetni taqsimlash vakolatiga ega bo‘lgan Tashqi ishlar vazirligiga qarorni qayta ko‘rib chiqish iltimosi bilan murojaat qildi. Xususan, Moliya vazirligi bunday yordamni xalqaro hamjamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashni hisobga olgan holda ajratish zarurligini ta’kidladi. Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, yordamni noo‘rin deb hisoblamasligini, chunki u, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari uchun mablag‘lar va xalqaro tashkilotlar orqali yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga olganini ochiqladi. Shu bilan birga, TIVda qayd etilganidek, mamlakatlarni tanlash, avvalambor, diplomatik ahamiyat va gumanitar vaziyatdan kelib chiqqan holda amalga oshirilgan. 

Yaponiya hukumati avvalroq Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli Rossiya Federatsiyasiga nisbatan bir nechta cheklovchi choralar majmuasini tasdiqlagan edi. Rossiya, Belarus, (tan olinmagan) Donetsk va Lugansk xalq respublikalaridan jami 900 dan ortiq kishi, shuningdek, Rossiya va Belarusning 250 dan ortiq kompaniya va tashkilotlari individual sanksiyalar ostida qoldi. Bundan tashqari, Yaponiya “Otkritiye” banki, Novikombank, Sovcombank, VTB, “Rossiya” banki, Promsvyazbank, VEB.RF, Sberbank va Alfa bank, shuningdek, 40 ga yaqin Rossiya tashkilot va kompaniyalari aktivlarini muzlatib qo‘ydi. 

Eksporti taqiqlangan tovarlar va texnologiyalar ro‘yxatiga 400 dan ortiq turdagi mahsulotlar, jumladan yarimo‘tkazgichlar, dengiz va aviatsiya xavfsizligi uchun uskunalar, telekommunikatsiyalar, aloqa vositalari, harbiy mahsulotlar, jumladan, qurol-yarog‘, dasturiy ta’minot, neftni qayta ishlash uskunalari, yuk mashinalari, samosvallar, buldozer, temir yo‘l lokomotivlari, stanoklar va sanoatda ishlatiladigan boshqa elektr jihozlari kiradi. Bundan tashqari, Rossiyaga hashamatli tovarlar, jumladan, qiymati 6 million yendan (taxminan 43 ming dollar) ortiq bo‘lgan avtomobillarni yetkazib berishga ham taqiq qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, 14 noyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi Rossiya bilan urush oqibatida Ukrainaga yetkazilgan zararlar reyestrini yaratish, shuningdek, Kiyevga tovon to‘lash mexanizmini shakllantirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. 

“Ukrainaga qarshi tajovuz munosabati bilan huquqbuzarliklarni bartaraf etish va tovon to‘lash to‘g‘risida”gi hujjatga 94 davlat ovoz berdi, 14 davlat qarshi bo‘ldi, 73 davlat betaraf qoldi. 


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya

Baholaganlar

202

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing