Yaponiya Markaziy Osiyoga iqtisodiy yordam paketini e’lon qiladi
Olam
−
01 avgust
6842Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida avgust oyida Qozog‘istonda Markaziy Osiyoning besh mamlakati yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazadi va mintaqaga iqtisodiy yordam paketini e’lon qiladi. Bu haqda yapon hukumati rasmiylariga tayanib, “The Japan Times” nashri xabar berdi.
“Kisida 9-12 avgust kunlari O‘zbekiston, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonga tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Iqtisodiy paket savdo yo‘lini o‘rnatish, karbonsizlanish va odamlar o‘rtasidagi almashinuvni rivojlantirishga qaratilgan. Bu Qozog‘istondagi olti tomonlama sammitdan so‘ng e’lon qilinadigan qo‘shma bayonotning bir qismi bo‘lishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.
Yordam rejasiga ko‘ra, Yaponiya Kaspiy dengizi orqali Markaziy Osiyo va Yevropani Rossiyasiz bog‘laydigan savdo yo‘lini o‘rnatishga ko‘maklashadi. Shu orqali Yaponiya barqaror eksport yo‘li mintaqaga iqtisodiy mustaqillik berishiga umid qilmoqda.
“Dekarbonizatsiya sohasida Yaponiya kompaniyalarining texnologiyalari va kreditlari tabiiy gazni qayta ishlashga yordam berish kabi chora-tadbirlar uchun ishlatilishi kutilmoqda. Ayirboshlash uchun Yaponiya mintaqadan malakali ishchilarni qabul qilishni rejalashtirmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Tokio Xitoy va Rossiya kabi kuchli ta’sirga ega bo‘lgan davlatlar bilan aloqalari mustahkam bo‘lgan mintaqaga barqaror iqtisodiy rivojlanishda yordam berishni maqsad qilgan.
“Markaziy Osiyoning beshta davlati – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston – sobiq sovet davlatlari bo‘lib, Rossiya bilan mustahkam xavfsizlik aloqalarini saqlab turadi, biroq uning Ukrainaga bostirib kirishi sababli Moskvadan ma’lum darajada uzoqlashgan.
Markaziy Osiyo Sharqiy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi asosiy geosiyosiy hudud bo‘lib, u gaz kabi tabiiy resurslarga boy. Xitoy so‘nggi yillarda u yerda o‘zining iqtisodiy ta’sirini kengaytirmoqda, Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi ham aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda”, deb yozgan “The Japan Times”.
Eslatib o‘tamiz, Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaning Markaziy Osiyoga kelishi iyun oyida ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda uning tashrifidan maqsad mintaqaning besh davlati rahbarlari ishtirokidagi sammitda qatnashish ekani ma’lum bo‘lgandi.
Hulkar Murtazoyeva