Yaponiya Bosh vaziri uy yumushlari va pardoz sababli ishga vaqt yetmayotganini aytdi

Olam

−

image

Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi pardoz qilish, cho‘milish, ovqat tayyorlash va boshqa uy yumushlariga kuniga kamida uch soat sarflashini, shu sababli erkaklarga qaraganda 3-4 soat ko‘proq band bo‘lishi mumkinligini aytdi. Uning bayonoti mamlakatda ayollarning zimmasidagi uy ishlari va tashqi ko‘rinishga qo‘yiladigan talablar yuzasidan munozaralarga sabab bo‘ldi. Bu haqda u joriy yilning 14 oktyabr kuni parlamentdagi byudjet muhokamasi vaqtida gapirdi.

Uning aytishicha, kun tartibining tig‘izligi sababli mamlakat kelajagi va strategik yo‘nalishlari haqida xotirjam o‘ylash uchun vaqt topish qiyin. Bosh vazir har kuni uyiga katta hajmdagi hujjatlarni olib ketishini ham aytgan.

Shuningdek, u o‘zining faqat erkaklardan iborat yordamchilar jamoasi ayol Bosh vazirning ehtiyojlariga hali to‘liq moslashmaganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yordamchilari hatto televideniyedagi chiqishlaridan oldin pardoz qilish uchun ham jadvalida vaqt ajratishni unutib qo‘yadi.

Takaichining bayonoti yapon jamiyatida turlicha fikrlarni keltirib chiqargan. Ayrimlar uning so‘zlari ayollarning ish va oilaviy majburiyatlar o‘rtasida muvozanat saqlash uchun sarflaydigan qo‘shimcha mehnatiga e’tibor qaratganini ta’kidlagan.

Boshqalar esa Bosh vazirning fikrlarini tanqid qilgan. Yaponiya parlamentining yuqori palatasi a’zosi, muxolifatchi Yoshiko Kira Takaichi ayollarga nisbatan an’anaviy qarashlarni mustahkamlayotganini bildirgan. Uning fikricha, tashqi ko‘rinish va o‘zini tutishga doir talablarni o‘zgarmas qoida sifatida qabul qilish ayollar huquqlarini yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlarga zarar yetkazishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Yaponiyada ayollar zimmasiga uy yumushlarining to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘i tushishi aytiladi. Bu holat ko‘plab xodimlardan muntazam ravishda qo‘shimcha ishlash talab qilinadigan mehnat madaniyati bilan yanada murakkablashadi. Mamlakatda uy ishlariga yordamchi yollash ham keng tarqalmagan. Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, uy xo‘jaliklarining atigi 2 foizi uy xizmatchilaridan foydalanadi.

Yaponiyada ayollarning tashqi ko‘rinishiga oid talablar ham jiddiy muhokama qilinadi. Midashinami deb ataladigan me’yorlar jamoat joylarida ozoda va tartibli ko‘rinishni nazarda tutadi. Biroq amalda ayollar pardoz, soch turmagi va kiyim tanlovi bo‘yicha erkaklarga qaraganda ko‘proq tanqidga uchrashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sanae Takaichining tungi uyqusi to‘rt soatdan oshmasligi, ba’zan esa atigi ikki soat uxlashi haqida gapirgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing