Yaponiya Bosh vaziri Mirziyoyevga maktub yubordi
Jamiyat
−
07 fevral 5916 2 daqiqa
Bugun, 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Bosh vazirining maxsus maslahatchisi Akixisa Nagasima boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlik va amaliy sheriklikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. Maxsus maslahatchi Akixisa Nagasima Mirziyoyevga Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isibaning salomi va shaxsiy maktubini yetkazgan.
Yaponiya O‘zbekistonda qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro hamkorlikni ta’minlash va mustahkamlashda o‘zining ishonchli va uzoq muddatli strategik sherigini ko‘rayotgani ta’kidlangan. Yaponiya hukumati iqtisodiy va innovatsion hamkorlik, energetika, sanoat, infratuzilma va ijtimoiy sohalardagi kooperatsiya, jadal ta’lim va madaniy almashinuvlar, turizm va mehnat migratsiyasi dasturlari, shuningdek, samarali mintaqaviy hamkorlik kabi keng ko‘lamli yo‘nalishlarda ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini yuksak baholayotgani alohida qayd etilgan.
“2024 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oshdi. Yaponiyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan loyihalar portfeli 12 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 100 ga yaqin qo‘shma korxona va tashkilotlar, jumladan, O‘zbekiston-Yaponiya markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti oliy va yuqori darajadagi faol muloqotlar va o‘zaro tashriflarni davom ettirish muhimligini qayd etdi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik sohalardagi, shu jumladan Yaponiya hukumatining Taraqqiyotga ko‘maklashish dasturi doirasidagi hamkorlikning kun tartibi sermazmun ekani qayd etilgan.
O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya hukumatiga joriy yil aprel oyida Osaka shahrida boshlanadigan “Ekspo” butunjahon ko‘rgazmasini muvaffaqiyatli o‘tkazishni tiladi. Bo‘lajak “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi birinchi sammitga tayyorgarlik doirasida mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashilgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr