Yaponiya Bosh vaziri iste’foga chiqmoqchi
Olam
−
14 avgust
5627Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida mamlakatning hukmron Liberal-demokratik partiyasi (LDP) raisi saylanganidan keyin hukumat rahbari lavozimini tark etishini tasdiqladi. U qarorini o‘z qarorgohida o‘tkazilgan favqulodda matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Kisida saylovda qatnashmaslikka qaror qildi, chunki hukumat reytingi bir qator mojarolar tufayli, asosan, LDPga siyosiy xayriyalarni yig‘ishda moliyaviy hisobot qoidalarini buzish tufayli rekord darajaga tushib ketdi. “Kyodo” agentligining xabar berishicha, u o‘z hamkorlariga janjal uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmoqchi ekanligini aytgan, chunki “kimdir buni qilishi kerak”.
O‘z ma’muriyatining yutuqlari orasida Kisida ish haqini oshirish va investitsiyalarni rag‘batlantirish choralarini va Yaponiyaning “bo‘linib borayotgan xalqaro hamjamiyat”dagi jahon sahnasidagi “yetakchi rolini” keltirdi. Bunga Xirosimada G7 sammitini o‘tkazish, NATO sammitlarida ishtirok etish va Qo‘shma Shtatlar bilan yuqori darajadagi aloqalar yordam berdi.
Mojaro
2023 yilda hukmron partiyaning yuqori martabali arboblari tomonidan siyosiy xayriyalarning bir qismi o‘zlashtirib olingani tufayli kuchli janjal kelib chiqdi. LDP (fraksiya)dagi ichki partiyaviy deputatlik guruhlari o‘z a’zolari uchun pullik yig‘ilishlarga chipta sotish orqali mablag‘ yig‘ish me’yorlarini belgilab berdi. Agar kimdir kvotadan oshib ketgan bo‘lsa, kvota va haqiqatda undirilgan summa o‘rtasidagi farq moliyaviy hisobotda tegishli aks ettirilmasdan unga qaytarilishi kerak edi. Avvalo, shov-shuvli voqea uning hayoti davomida sobiq bosh vazir Sindzo Abe (1954-2022) boshqargan fraksiyaga ta’sir qildi.
Ushbu janjal ko‘plab iste’folarga, hukumat reytingining rekord darajada pastga tushishiga va oqibatda ko‘pchilik fraksiyalarning tarqatib yuborilishiga olib keldi.
Mumkin bo‘lgan vorislar
Faqat Iqtisodiy xavfsizlik vaziri Sanaye Takaichi LDP rahbari lavozimiga nomzodini qo‘yish rejalarini aniq e’lon qildi. Boshqa siyosatchilar, jumladan, hukumat a’zolarining ham Bosh vazirlik ambitsiyalari bor, biroq turli sabablarga ko‘ra ular haligacha o‘z niyatlarini oshkor etmagan.
LDP raisi lavozimiga ehtimoliy nomzodlar orasida aholi orasida juda mashhur bo‘lgan sobiq mudofaa vaziri Shigeru Ishiba, LDP bosh kotibi Toshimitsu Motegi, Raqamlashtirish vaziri Taro Kono, Tashqi ishlar vaziri Yoko Kamikava va sobiq atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Sindziro Koizumi bor.
Ko‘plab ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Ishiba, Koidzumi va Kono favoritlar sanaladi. Biroq LDP raisligiga saylovlar partiya a’zolari o‘rtasida o‘tkaziladi, shuning uchun g‘alaba qozonish uchun nomzod aholi emas, balki partiya a’zolari – ham oddiy xalq, ham deputatlar qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj. Parlament a’zolarining pozitsiyasi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shuning uchun LDPning navbatdagi rahbari va Yaponiya bosh vaziri haqidagi bashoratlar ichki partiya fraksiyalarining tarqatib yuborilishi bilan murakkablashdi.
Kelgusi qiyinchiliklar
LDPning navbatdagi rahbarining asosiy vazifasi partiyaning parlamentdagi mavqeini saqlab qolishdan iborat bo‘ladi, bu esa, kutilganidek, qator mojarolar tufayli silkinishi mumkin. Bunday xavotirlar aprel oyi oxirida an’anaviy tayanch nuqtalaridan biri bo‘lgan LDPning Shimane prefekturasida qo‘shimcha saylovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin kuchaydi. Ommaviy axborot vositalarining yozishicha, bunday qarash, ayniqsa, qayta saylanishi uchun mashhur partiya yetakchisiga muhtoj bo‘lgan yosh deputatlar orasida kuchli.
Yaponiya Bosh vaziri parlamentni tarqatib yuborish va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish huquqiga ega. Hukumat rahbarlari bu vakolatlardan muntazam ravishda o‘z partiyasining mavqeini mustahkamlash uchun eng qulay vaqtda saylovlarni tayinlash uchun foydalanadi. Agar Kisidaning vorisi bu imkoniyatdan foydalanmasa, Yaponiyada umumiy saylovlar 2025 yil oktyabr oyi oxirigacha o‘tkazilishi kerak.
Rahbar almashganidan keyin Yaponiya tashqi siyosatida tub o‘zgarishlar bo‘lmasligi kutilmoqda. Ushbu sohadagi asosiy vazifalardan biri, ehtimol, AQSH prezidentlik saylovlari natijalariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘lib, uning natijalari Tokio tashqi siyosatiga tuzatishlar kiritishi mumkin.
Kisida tarixi
Kisida 2021 yil sentyabrida Yosixide Suga iste’foga chiqqanidan so‘ng LDP rahbari etib saylangan edi. Abe hukumatida Kisida deyarli besh yil Tashqi ishlar vazirligini boshqargan va bir vaqtning o‘zida taxminan bir hafta Mudofaa vaziri bo‘lib ishlagan. U, shuningdek, boshqa bir qancha lavozimlarni egallagan, jumladan, asosiy LDP Siyosiy Kengashi rahbari.
LiveBarchasi