Yaponiya Bosh vaziri hukmron partiya fraksiyasini tark etdi
Olam
−
23 yanvar
3152Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida siyosiy mablag‘ bilan bog‘liq mojaro tufayli hukmron Liberal-demokratik partiya (LDP) fraksiyasini tarqatib yuborish qarorini rasman ma’qulladi. Bu haqda "Kyodo" agentligi xabar berdi.
Joriy yilning 19 yanvar kuni Kisida “Men buni tekshiryapman. Agar uning amalga oshirilishi aholining siyosatga ishonchini tiklasa, biz bu variantni ko‘rib chiqishimiz kerak”, degan edi.
Ma’lumot o‘rnida, mamlakatda urf bo‘lgan siyosatchilarning ziyofat uyushtirishi orqali yig‘iladigan mablag‘ yuzasidan janjal kelib chiqqan. Bunday tadbirlarga, asosan, ishbilarmonlar chipta sotib oladi. Har bir fraksiya an’anaviy tarzda bunday chiptalar soni bo‘yicha kvota o‘rnatadi hamda bir chipta 20 ming yen (taxminan 136 dollar) turadi. Kvotadan ortiq mablag‘ LDP qonun chiqaruvchilariga o‘tkazilishi lozim, ammo moliyaviy hisobotda aks ettirilmay, maxfiy fond sifatida ham ishlatilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning dekabr oyi boshlarida siyosiy xayriyalar bilan bog‘liq qonunlarning buzilishiga aloqador mojaro Bosh vazir Fumio Kisidaning Yaponiyaning hukmron Liberal-demokratik partiyasi (LDP) fraksiyasi rahbari lavozimidan iste’foga chiqishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, mojarolar fonida Yaponiya Vazirlar Mahkamasi Bosh kotibi bo‘lgan Matsuno va Iqtisodiyot va sanoat vaziri Yasutosi Nisimura lavozimini tark etgan, deputat Yositaka Ikeda hibsga olingan edi.
Hozirda Yaponiya prokuraturasi siyosiy ehsonlarni yig‘ishdagi qonunbuzarliklar bilan bog‘liq katta janjal fonida tergov olib bormoqda.
LiveBarchasi