Yaponiya Bosh vaziri lavozimidan ketishi mumkin

Olam

image

Siyosiy xayriyalar bilan bog‘liq qonunlarning buzilishiga aloqador mojaro Bosh vazir Fumio Kisidaning Yaponiyaning hukmron Liberal-demokratik partiyasi (LDP) fraksiyasi rahbari lavozimidan iste’foga chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Kyodo” agentligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro biznes vakillari 20 000 iyena (taxminan 136 dollar)ga chiptalar sotib olgan ziyofatlar va bazmlar orqali yig‘ilgan mablag‘lar tufayli kelib chiqqan. 

Nashrning yozishicha, ularning soniga qarab kvota belgilanib, mablag‘larni LDPdan bo‘lgan deputatlarga o‘tkazish rejalashtirilgan. Biroq, bu moliyaviy hisobotlarda o‘z aksini topmadi. Shunday qilib, bu mablag‘lar maxfiy fond sifatida yoki hokimiyat uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan, deb taxmin qilindi. Yaponiya ommaviy axborot vositalarining bildirishicha, hozirda Tokio prokuraturasi bu borada tergov olib bormoqda.

Kisidaning o‘tmishdoshlari, odatda, bosh vazirlik davrida homiylik asosidagi siyosat paydo bo‘lmasligi uchun o‘z fraksiyalari yetakchisi sifatida iste’foga chiqqan bo‘lsa-da, Kisida 2021 yil oktyabr oyida lavozimga kirishganidan beri o‘z mavqeini saqlab kelayotgandi.

“Men partiyaning siyosiy mas’uliyatini va jamoatchilik ishonchini qaytarishga qaratilgan sa’y-harakatlarida yetakchilik qilaman”, deydi LDP tarkibidagi to‘rtinchi yirik fraksiyaga rahbarlik qilgan Kisida jurnalistlar bilan suhbatda. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, u Bosh vazir lavozimida ishlayotgan paytda o‘z fraksiyasini tark etadi, unga yaqin manbalar esa guruh rahbariyatining o‘rni hozircha bo‘sh turishini aytgan.

LDP fraksiyalari odatda o‘z a’zolarini saylov mablag‘lari bilan ta’minlab, ularni vazirlik lavozimlariga tavsiya qilgan. 370 dan ortiq LDP deputatlarining qariyb 80 foizi partiya ichidagi guruhlardan biriga mansub.

Ammo tanqidchilar uzoq vaqtdan beri fraksiyalarning bunday funksiyalari ko‘plab LDP deputatlariga maxfiy mablag‘larni ishlab chiqarish imkoniyatini berganini ta’kidlaydilar, chunki ular o‘z guruhlaridan qanday pul olishlari va ulardan qanday foydalanishlarini kuzatish qiyin.

Ilgari o‘ldirilgan bosh vazir Sindzo Abe boshchilik qilgan va hozirda Vakillar palatasi a’zosi Ryu Sionoya raislik qiladigan eng yirik fraksiya 100 million iyendan ortiq maxfiy mablag‘larni birlashtirganlikda gumon qilinmoqda.

Kisida 6 dekabr kuni LDP yetakchilariga siyosiy-moliyaviy mojarodan so‘ng mablag‘ni partiyalarga o‘tkazmaslikni buyurgan, biroq hukmron partiyaga bo‘lgan ishonchni tiklash uchun uning o‘z fraksiyasini tark etishiga chaqiriqlar kuchaymoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kisida Rossiya va Xitoyning Yaponiya chegaralari yaqinidagi harbiy mashg‘ulotlaridan xavotirda ekanligini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya vazir LDP Kyodo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing