Yaponiya AQSH bilan 45 ming harbiy ishtirokida mashg‘ulotlar o‘tkazadi
Olam
−
26 Sentabr
1472Yaponiya AQSH bilan 23 oktyabrdan boshlab 10 kun davomida keng ko‘lamli mashg‘ulotlar o‘tkazadi, unda 45 ming askar ishtirok etadi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligiga tayanib, NHK telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, mashg‘ulotlari davomida Yaponiya o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlari va AQSH qurolli kuchlari harbiy bazalari, shuningdek, fuqarolik aeroportlari va portlaridan foydalaniladi. Yaponiya Mudofaa vazirligi aynan qaysi fuqarolik ob’ektlari haqida gap ketayotganini ochiqlamagan. Ular zarurat tug‘ilganda harbiy ehtiyojlar va evakuatsiyada foydalanilish uchun mo‘ljallangan 28 ta fuqarolik infratuzilmasi ob’ektlari bo‘lishi mumkin.
NHK telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, Kumamoto va Nagasaki aeroportlarida birinchi marotaba qiruvchi samolyotlarning parvoz va qo‘nishi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Kitakyusyu aeroportida o‘zini-o‘zi mudofaa harbiy-dengiz kuchlarining patrul samolyotlari joylashtiriladi. Naha aeroportida esa birinchi marotaba quruqlik kuchlarining transport samolyotlari va Osprey konvertoplani uchishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Hokkaydodagi Tomakomay va Kusiro portlarida o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlari va Amerika harbiylari shaxsiy tarkibini tashish bo‘yicha hamda Okinavadagi Isigaki portida dengiz kuchlarining kemalarini yoqilg‘i bilan ta’minlash mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi. Nansey orollaridan (Tayvanga eng yaqin joylashgan orollar) jarohatlangan ko‘plab odamlarni Honshu orolidagi shifoxonaga yetkazish mashqlari ham rejalashtirilgan.
O‘quv mashg‘ulotlarida 33 ming xodim, 30 kema va 250 ta o‘zini-o‘zi mudofaa samolyoti, shuningdek, 12 ming amerikalik harbiy, 10 kema va 120 ta samolyot ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Janubiy Koreya qo‘shinlari mudofaani mustahkamlashga qaratilgan 10 kunlik keng ko‘lamli mashg‘ulotlarni boshlagani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi