Yaponiya aholisi 42 yil ichida ilk bor 120 milliondan kamaydi

Olam

image

Yaponiyada aholi soni 42 yil ichida birinchi marta 120 milliondan pastga tushdi. Mamlakat fuqarolari soni joriy yil boshida 119,7 million kishini tashkil qilgan. Bu haqda “Mainichi” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshida Yaponiyada yapon fuqarolari soni o‘tgan yilga nisbatan 917 ming kishiga kamaygan. Bu 1968 yildan beri qayd etilgan eng katta yillik pasayish hisoblanadi.

Aholi kamayishining asosiy sabablaridan biri tug‘ilish darajasining pasayishi bo‘lgan. Mamlakatda bir yil davomida qariyb 670 ming chaqaloq tug‘ilgan bo‘lsa, vafot etganlar soni 1,59 million kishiga yetgan.

Shu bilan birga, Yaponiyada xorijliklar soni oshib bormoqda. Ularning soni bir yil ichida 354 ming kishiga ko‘payib, rekord darajadagi 4 million 31 ming nafarga yetgan.

Qayd etilishicha, xorijiy fuqarolar soni ketma-ket to‘rtinchi yil oshgan. Bunga mamlakatda ishchi kuchi yetishmovchiligi sabab chet ellik ishchilarni jalb qilish siyosati kuchaytirilayotgani sabab bo‘lmoqda. Xorijiy aholining asosiy qismini mehnatga layoqatli yoshdagilar tashkil etadi. Ularning ulushi 86,17 foizga yetgan.

Yaponiyaning 47 ta prefekturasi orasida faqat Tokioda yapon fuqarolari soni o‘sgan. Mamlakatning umumiy aholisi, jumladan, xorijliklar bilan birga, 123,7 million kishini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich ham o‘tgan yilga nisbatan qariyb 563 ming kishiga kamaygan. Aholi soni faqat Tokio, Chiba va Osaka prefekturalarida oshgani qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda Yaponiya aholisining umumiy soni 123 million kishini tashkil etgan edi. Bu 2020 yilgi ko‘rsatkich bilan solishtirganda 3,09 million kishiga kam degani.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing