Yaponiya hukumati parlamentni tarqatib yubordi
Olam
−
10 Oktabr
2176Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba kecha, 9 oktyabr kuni Vakillar palatasini tarqatib yubordi. Bu haqda “Kyodo” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, parlamentni tarqatib yuborish 27 oktyabrda umumiy saylov o‘tkazish uchun zamin yaratadi. 465 a’zoli quyi palataning tarqatilishi Isibaning lavozimga kirishganidan atigi sakkiz kun o‘tib sodir bo‘lgan va bu urushdan keyingi Yaponiyada eng tezkor shunday holat sifatida qayd etilgan. Bu orqali u muxolifatning so‘nggi daqiqalarda uni to‘xtatishga bo‘lgan harakatlarini yo‘qqa chiqargan. Muxolifat Bosh vazirning noqulay qaroridan norozi bo‘lgan va hukumatga qarshi ishonchsizlik votumi kiritgan.
Qayd etilishicha, rasmiy saylov kampaniyasi 15 oktyabrda boshlanadi. Palata spikeri Fukushiro Nukaga tarqatilish haqida e’lon qilganida palata a’zolari o‘rinlaridan turib “banzay” deb baqirgan. Bu ularning hozirgi muddati tugaganini tan olishning odatiy usuli hisoblanadi.
“Bu saylovning maqsadi Yaponiya jamiyatining yo‘nalishini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni xalq tomonidan ma’qullashga erishishdir”, dedi Isiba.
Nashrga ko‘ra, Isiba partiya shamoli ularga qarshi esayotganini tan olgan, lekin LDP va Komeyto koalitsiyasi bo‘lajak saylovda 465 o‘rindan ko‘pchiligini qo‘lga kiritishiga ishonch bildirgan.
Palatani tarqatishdan oldin parlamentda bir-biriga qarshi bahsda Yaponiya Konstitutsiyaviy-demokratik partiyasi rahbari Yosixiko Noda Isibani saylovchilar e’tiborini “yashirin pul” masalasidan chalg‘itishga urinishda ayblagan. Bu LDP a’zolarining siyosiy mablag‘larni to‘g‘ri hisobga olmaganliklari bilan bog‘liq bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Yaponiya Konstitutsiyasiga ko‘ra, Bosh vazirlar palatani o‘z xohishiga ko‘ra tarqatish huquqiga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tokioda bo‘lib o‘tgan Vakillar palatasining yalpi majlisida Yaponiyaning hukmron Liberal-demokratik partiyasining yangi rahbari Sigeru Isiba Bosh vazir etib saylangani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi